Vazirlar Mahkamasi 8-noyabr kuni milliy brendlar va xalqaro brendlar hamkorlarini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi nizomni tasdiqladi. Hujjat Lex.uz saytida e’lon qilingan.
Prezidentning avgust oyidagi qaroriga muvofiq, milliy brendlarga ega bo‘lgan korxonalar va jahondagi mashhur brendlarning sheriklariga subsidiyalar beriladi. Savdoga ko‘maklashish jamg‘armasidan mablag‘ ajratish rejalashtirilgan.
Ro‘yxatga kimlar kiradi?
Milliy brendlar quyidagi tarmoqlarda barqarorlik reytingi yuqori va o‘rtacha (B dan past bo‘lmagan) bo‘lgan kompaniyalar tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazilgan tovar belgilaridan tanlab olinadi:
- to‘qimachilik sanoati;
- teri-poyabzal sohasi;
- ipakchilik;
- oziq-ovqat sanoati (quritilgan, qadoqlangan, konservalangan mahsulotlar, alkogolsiz ichimliklar);
- bo‘yoqlar, kafel, santexnika ishlab chiqarish;
- mebel ishlab chiqarish;
- zargarlik ishi;
- kimyo sanoati (kosmetika, parfyumeriya, gigiyena vositalari);
- farmatsevtika (dori-darmonlar, BFQ, tibbiy texnika);
- elektrotexnika;
- avtosanoat;
- metallurgiya.
Tanlov jamoatchilik so‘rovlari va konsalting kompaniyalari tomonidan o‘tkaziladigan tadqiqotlar asosida tashkil etiladi. Shuningdek, ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar va internetda brendlar haqida e’lonlar e’tiborga olinadi.
Xalqaro brendlar hamkorlari maqomi maxsus platformada e’lon qilinadigan reyestrga kiritilgan brend egasi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma mavjud bo‘lgan taqdirda beriladi. Reestrni tuzish uchun xalqaro miqyosda tan olingan tashkilotlar bo‘yicha yetakchi 500 ta kompaniya ro‘yxati o‘rganiladi.
Milliy brendlar va jahon brendlari hamkorlarining ro‘yxatlari Savdo-sanoat palatasi va Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi tomonidan tasdiqlanadi. Ular maxsus platformada e’lon qilinishi kerak.
To‘lovlar va ularni olish tartibi
Milliy brend egalari quyidagi ehtiyojlar uchun qilingan xarajatlarning 50%igacha bo‘lgan miqdorini qoplaydigan kompensatsiya oladilar:
- xalqaro standartlarni joriy etish va sertifikatlar olish ($10 000dan ko‘p bo‘lmagan miqdorda);
- mahsulot va tovar belgilarini xorijda ro‘yxatdan o‘tkazish (yiliga $5000gacha);
- xalqaro marketpleyslarga chiqish (yiliga $5000 gacha);
- onlayn reklama (yiliga $5000gacha);
- mahsulotlarni xorijda Made in Uzbekistan shourumlarida joylashtirish (yiliga $5000 gacha);
- xorijiy savdo uylari uchun binolar ijarasi (oyiga $2000gacha);
- xalqaro ko‘rgazmalarda ishtirok etish, shu jumladan ro‘yxatdan o‘tish, joy ijarasi, stend tashkil etish uchun to‘lov (ko‘rgazma uchun $10 000gacha);
- biznes-jarayonlarni avtomatlashtirish tizimlarini (CRM, ERP, CERM) joriy etish (yiliga $10 000gacha);
- kamida bir yilga jalb qilingan malakali xorijiy mutaxassislar uchun ish haqi (mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori 10 baravarigacha yoki bir kishi uchun oyiga 11,5 mln so‘mgacha).
Xorijiy brendlari hamkorlari uchun standartlashtirish (20 ming dollargacha), ekologik sertifikatlar va muvofiqlik sertifikatlarini olish xarajatlari qoplanishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, mutaxassislarning xorijda malaka oshirishi xarajatlari qoplab beriladi.
Xorijiy brendlar ostida mahsulot ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan korxonalarga $1 mln miqdoridagi grantlar beriladi.
Subsidiya olish uchun arizalar maxsus platforma orqali qabul qilinadi. Ularga yuqorida sanab o‘tilgan xarajatlarni tasdiqlovchi hujjatlar (kontraktlar, hisobvaraq-fakturalar, dalolatnomalar, to‘lov topshiriqnomalari, sertifikatlar, ko‘rgazmalardan yoki savdo uylaridan olingan fotosuratlar va videolar va boshqalar) ilova qilinishi talab etiladi.
Savdo-sotiqni rivojlantirish kompaniyasi buyurtmanomani 7 ish kuni ichida ko‘rib chiqishi kerak. Shundan so‘ng u moliyaviy yordam ajratish to‘g‘risida qaror qabul qiladi va kompaniyani xabardor qiladi.
Ijobiy qaror qabul qilingan taqdirda, MTB hujjatlarni qayta ishlash uchun BHMning 1 baravari miqdorida yig‘im undiradi. To‘lov summasi ariza beruvchi tomonidan ko‘rsatilgan bank hisob raqamiga 5 ish kuni ichida o‘tkaziladi.
Avvalroq “Spot” 1-oktabrdan bog‘dorchilikda ayrim turdagi subsidiyalar bekor qilinishi haqida yozgandi.
2025-yildan intensiv mevali bog‘ va uzumzorlarda tomchilatib sug‘orish tizimlarini o‘rnatganlik uchun beriladigan subsidiya miqdori 1 gektar uchun 16 mln so‘mni tashkil etadi.