Avvalroq Shavkat Mirziyoyev Bokuda bo‘lib o‘tgan BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konferensiyasida (COP29) nutq so‘zlagan edi. Shuningdek, u yaqinda Yevropaga energiya yetkazib berish bo‘yicha ko‘p tomonlama bitim imzolanganini e’lon qildi.
13-noyabr kuni O‘zbekiston, Qozog‘iston va Ozarbayjon prezidentlari “yashil” energiyani rivojlantirish va uzatish sohasida strategik sheriklik to‘g‘risidagi bitimni imzoladilar.
Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, “qayta tiklanuvchi energiya — bu iqtisodiy maqsad emas, balki kelajakka hissa qo‘shish, kelgusi avlodlar oldidagi mas’uliyat hissimiz natijasidir.”
Loyiha doirasida shamol va quyosh energiyasi eksport qilinadi, bu iqlimga ta’sirni yumshatish imkonini beradi.
Yil yakuniga qadar O‘zbekiston energetika tarmog‘iga qo‘shimcha 2,6 GVt qayta tiklanadigan generatsiya va 300 MVt quvvatga ega energiya saqlash tizimini ulash rejalashtirilgan. 2030 yilga borib qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini 40 foizga yetkazish, shuningdek, umumiy quvvati 4,2 GVt bo‘lgan energiya saqlash tizimlarini yaratish rejalashtirilgan.
Loyihani amalga oshirish natijasida o‘n minglab ish o‘rinlari yaratilishi, energetika infratuzilmasi rivojlanishi, texnologik va ishbilarmonlik aloqalari kengayishi, aholi turmush darajasi oshishi kutilmoqda.
Davlat rahbarlari loyihani amalga oshirishni jadallashtirish, jumladan, qo‘shma korxona tashkil etish, texnik hujjatlarni ishlab chiqish va kelishish va boshqa tartib-taomillarni amalga oshirish muhimligini ta’kidladilar.
“Yashil” energiya yo‘lagi
O‘tgan yilning noyabr oyida O‘zbekiston, Qozog‘iston va Ozarbayjon energetika vazirliklari vakillari “yashil” elektr energiyasini mamlakatlar hududlari orqali uchinchi davlatlar — Yevropa Ittifoqi mamlakatlari iste’molchilariga yetkazib berish loyihasini muhokama qilishdi.
O‘zbekiston, Qozog‘iston va Ozarbayjon Kaspiy dengizi bo‘ylab chuqur suv osti kabeli yotqizishni rejalashtirmoqda. Tomonlar Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga “yashil” energiyani sotish uchun biznes modelini ishlab chiqadilar.
Avgust oyida mamlakatlar “yashil” energiyani Yevropaga eksport qilish bo‘yicha qo‘shma korxona tashkil etishga kelishib oldilar, uning ofisi Bokuda joylashgan