Energetika vazirligi va BAAning “Masdar” kompaniyasi Bokuda bo‘lib o‘tgan “COP29” konferensiyasi doirasida O‘zbekistonda yirik shamol elektr stansiyasini qurish bo‘yicha shartnoma imzoladi.
Shartnomani imzolash marosimida O‘zbekiston tomonidan energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov va “O‘zenergosotish” davlat kompaniyasi boshqaruvi raisi Jahongir Obidjonov ishtirok etdi.
Loyihani Navoiy viloyatining Uchquduq tumanida amalga oshirish rejalashtirilgan. Uning quvvati 1 GVtni tashkil etadi.
Mazkur elektr stansiya qurilish jarayonida 600−800ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Loyihani amalga oshirish natijasida yiliga 3,5 mlrd kVt⋅soat elektr energiyasini ishlab chiqarish, 1 mlrd kub metr tabiiy gaz zaxiralari tejaladi.
Ushbu loyiha O‘zbekiston uchun nafaqat iqtisodiy foyda, balki atrof-muhit himoyasi uchun ham katta ahamiyatga ega. Mazkur shamol elektr stansiyasini qurish orqali atmosferaga chiqariladigan chiqindilarni yiliga 1,4 mln tonnaga kamaytirishga erishiladi.
So‘nggi yillarda “Masdar” O‘zbekistonda umumiy quvvati 1,5 GVt bo‘lgan loyihalarni amalga oshirdi. Ular orasida: Zarafshondagi (quvvati 500 MVt) shamol elektr stansiyasi, shuningdek, Karmana (100 MVt), G‘allaorol (220 MVt), Kattaqo‘rg‘on (220 MVt) va Sherobodda (457 MVt) shamol elektr stansiyasi mavjud.
Bundan tashqari, Buxoro viloyatining Olot tumanida (250 MVt) va Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumanida (300 MVt) fotoelektr stansiyalarini qurish ishlari olib borilmoqda.
2023-yil oxirida Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Energetika vazirligi va “Masdar” o‘rtasida loyiha qiymati — $2,6 mlrd bo‘lgan 2 GVt quvvatga ega yangi shamol elektr stansiyasi va 1150 MVt quvvatga ega elektr energiyasini saqlash obyektlarini qurish bo‘yicha investitsiya bitimlari imzolandi.
Avvalroq “Spot” yil boshidan buyon O‘zbekistonda 4 mlrd kVt/soat yashil energiya ishlab chiqarilgani haqida yozgandi.
Bu hajmning asosiy qismi quyosh elektr stansiyalari tomonidan ishlab chiqarilgan energiya hissasiga to‘g‘ri keladi.