Donald Tramp uni saylov chog‘ida qo‘llab-quvvatlagan Ilon Maskni hukumatning samaradorlik departamenti rahbari etib tayinladi. Bu haqda “Reuters” nashri xabar berdi.

AQShning yangi hukumatidagi mazkur departamentni ikki kishi boshqaradi. Ulardan biri biznesmen Ilon Mask bo‘lsa, bo‘limning ikkinchi boshlig‘i yana bir tadbirkor Vivek Ramasvami bo‘ladi.

Tramp o‘z bayonotida Mask va Ramasvami “yangi ma’muriyat hukumat byurokratiyasini yo‘q qilish, ortiqcha tartibga solishni qisqartirish, keraksiz xarajatlarni qisqartirish va federal agentliklarni qayta qurish yo‘lini ochishini” ta’kidladi.

Shuningdek, Trampning ta’kidlashicha, Mask va Ramasvamilarning roli norasmiy bo‘lib, Senatning ma’qullashini talab qilmaydi va Mask “Tesla” kompaniyasi rahbari bo‘lib qolishi mumkin.

Ilon Mask Donald Tramp prezidentlik kampaniyasining eng yirik homiylaridan biri bo‘lib, siyosatchining o‘zi milliarderni samaradorlik bo‘yicha hukumat komissiyasi rahbari etib tayinlashga va’da bergan.

Ilon Maskning boyligi “Tesla” kompaniyasi aksiyalarining o‘sishi hisobiga ilk bor $300 mlrddan oshgandi.

“Tesla” aksiyalari 7%dan ko‘proqqa ko‘tarilib, 8-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan kimoshdi savdosida bir donasi $319ga yetdi, deb yozadi “Forbes”. Natijada kompaniyaning bozor kapitallashuvi 2022-yil aprelidan beri birinchi marta $1 trlndan oshdi.

“CNBC” nashrining ta’kidlashicha, Donald Trampning AQSh prezidenti saylovidagi g‘alabasi fonida “Tesla” aksiyalari bu hafta taxminan 27%ga oshgan.

Donald Trampning 5-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovidagi g‘alabasi dunyodagi o‘nta eng boy odam boyligining rekord darajada o‘sishiga olib keldi.

Umuman olganda, milliarderlarning boyligi $64 mlga oshdi, bu “Bloomberg Billionaires Index” 2012-yilda ishga tushirilganidan beri eng katta kunlik o‘sish bo‘ldi.

Ro‘yxatda yetakchilik qilayotgan Ilon Mask $26,5 mlrdga boyidi, uning umumiy boyligi esa bir kunda 10%dan ortiqqa ko‘payib, $290 mlrdga yetdi. “Tesla” aksiyalari 15%ga qimmatlab, har bir aksiya uchun $288,5ga yetdi — bu 2022-yildan beri eng yuqori ko‘rsatkichdir. Avtomobil ishlab chiqaruvchisi qog‘ozlarining yillik o‘sishi 32%dan ortiqni tashkil etdi.