O‘zbekiston uy-joy bozori savdolarida biroz o‘sish ko‘zatilib, so‘nggi ikki oydagi pasayish to‘xtadi. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahlilida qayd etilgan.
Oktabr oyida ko‘chmas mulk bozori ijobiy dinamikani ko‘rsatdi. Ro‘yxatga olingan ko‘chmas mulk oldi-sotdi bitimlari soni sentabr oyiga nisbatan 0,6%ga oshib, 21,4 mingtani tashkil etgan.
Ko‘chmas mulk bozori faolligi yiliga 2% o‘sishi, uning tiklanishidan dalolat beradi.
O‘tgan oyda ko‘chmas mulk bozorining hududlar kesimidagi dinamikasi Toshkent viloyatida (+10%) sezilarli o‘sganini, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi (+8,1%) va Jizzax viloyatida (+7,5%) ijobiy o‘zgarishlarni ko‘rsatmoqda.
10 oylik ma’lumotlarga ko‘ra, oltita hududda faollik pasaygan, eng katta pasayish Xorazm, Surxondaryo va Namangan viloyatlarida kuzatilgan.
Toshkentda uy-joy ijarasi
Toshkent shahrida uy-joy ijara narxlari barqarorlashuvi davom etdi. O‘rtacha ijara narxi o‘tgan oyga nisbatan o‘zgarmagan — 1 kvadrat metr uchun $8,3.
Oy davomida poytaxtning 14ta markaziy tumanlaridan 5tasida uy-joy ijarasi narxi pasaydi. Eng katta pasayish Sergeli va Uchtepa tumanlarida kuzatilib, bu tumanlarda ijara narxi o‘rtacha 4,5% kamaydi.
Mirobod, Shayxontohur va Yakkasaroy tumanlarida ijara narxi yuqoriligicha qolmoqda, bu tumanlarda ijara narxi bir kvadrat metr uchun o‘rtacha $10−11ni tashkil etadi.
Shu bilan birga, eng arzon uy-joy ijarasi Bektemir va Sergeli tumanlarida kuzatilmoqda, bu tumanlarda ijara narxi bir kvadrat metr uchun o‘rtacha $6ni tashkil etadi.
Umuman olganda Toshkent shahrida yil davomida uy-joy ijarasi 12%dan ko‘proq kamaydi. Eng katta pasayish Yashnobod — 18%, Sergeli — 17% va Mirzo-Ulug‘bek — 15,2% tumanlarida qayd etildi.
Ikkilamchi uy-joy bozori
Oktabr oyida mamlakat bo‘yicha ikkilamchi uy-joylar bozori narxlari deyarli o‘zgarmadi (0,1%ga o‘sish).
Oy davomida ikkilamchi ko‘chmas mulk bozorida eng katta o‘sish Andijon — 5,1% va Sirdaryo — 3,3% viloyatlarida qayd etildi.
Yettita hududda ikkilamchi uy-joy narxining pasayishi kuzatilgan bo‘lsa, eng katta pasayish Namangan — 3,4%, Xorazm — 3,2% va Samarqand — 2,5% viloyatlarida qayd etildi.
Ikkilamchi uy-joylarning eng maqbul narxi Qoraqalpog‘iston Respublikasida kuzatildi, bu yerda kvadrat metr uchun o‘rtacha narx $328ni tashkil etadi.
Eng yuqori narxi Toshkent shahrida qayd etilgan bo‘lib, kvadrat metr uchun o‘rtacha $1100ni tashkil etdi.
Poytaxtning Bektemir — 3,9% va Yashnobod — 3,1% tumanlarida sezilarli pasayish qayd etildi.
Umuman olganda, respublika bo‘yicha ikkilamchi bozorda bir kvadrat metr uy-joyning o‘rtacha qiymati yil davomida 6,5% oshgan bo‘lsa, Toshkent shahrida shu davrda 1,3% pasayish kuzatildi.