Prezident huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil idorasi reklama konstruksiyalari demontaj qilinishi bilan bog‘liq vaziyatga izoh berdi.
Qayd etilishicha, tashqi reklama obyektlarini o‘rnatish bir qator normativ-huquqiy hujjatlar bilan tartibga solinadi. Ular qatoriga “Reklama to‘g‘risida"gi qonun, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining tashqi reklama bozorini tartibga solish to‘g‘risidagi 2020-yildagi qarori kiradi.
O‘rnatilgan tashqi reklama obyektlari qonunchilik talablariga muvofiq ravishda bajarilmasa konstruksiyalar tashqarisida joylashtirilgan plakatlar va e’lonlar noqonuniy hisoblanishi va belgilangan tartibda ularning egalari hisobidan demontaj qilinishi lozimligi belgilangan.
Agarda tadbirkorlarning qonun talablariga muvofiq o‘rnatilgan tashqi reklama obyektlari noqonuniy buzilayotgan holatlar mavjud bo‘lsa 1100 qisqa raqami orqali Biznes-ombudsmanga xabar berishlari so‘raladi.
10-noyabr kuni Toshkentda noqonuniy o‘rnatilgan tashqi reklamaga qarshi reydlar boshlandi. Birinchi kunning o‘zida barcha tumanlarda 1600dan ortiq obyekt demontaj qilindi.
11-noyabr kuni poytaxt tumanlarining kamida yarmida noqonuniy reklama konstruksiyalari tugatilgani haqida xabar berilgan. Birgina Mirobod tumanida 100 dan ortiq reklama va turli e’lonlar bannerlari demontaj qilindi.
Toshkent hokimligi reklama konstruksiyalari uchun dizayn-kodni tasdiqladi.
Hokimlik dizayn-kodga mos keluvchi qonuniy reklama Toshkentning vizual qiyofasini yaxshilashi bilan birga, biznes uchun qulay sharoitlar yaratishga yordam berishini kutmoqda.
“Biz barcha reklama inshootlari egalarini vaqtni boy bermasdan o‘z reklamalarini yagona dizayn-kod talablariga muvofiqlashtirgan holda qonuniylashtirish choralarini ko‘rishga chaqiramiz”, — deyiladi hokimlik xabarida.
Bu masalani hal qilish uchun barcha noqonuniy reklamalar olib tashlanishi ogohlantirilmoqda.