Raqobat qo‘mitasi biologik faol qo‘shimchalarni (BFQ) sertifikatlash bilan shug‘ullanuvchi “Agro Kimyo Standart” markazining akkreditatsiyasi to‘xtatilganini ma’lum qildi.

Qo‘mita tomonidan BFQ reklamasi bilan bog‘liq murojaatlar bo‘yicha bir qator tekshiruvlar o‘tkazildi. Ularning natijalariga ko‘ra, ayrim BFQ mahsulotlarida dorilarga xos xususiyatlarning mavjudligi va tarkibi dori vositasiga o‘xshash ekanligi aniqlandi.

Xususan, “Bio Max Pharm” tomonidan “Bio Smekta” biologik faol qo‘shimchasini ishlab chiqarish uchun ruxsatnoma rasmiylashtirilgan. Biroq, mazkur BFQ qadog‘i va tarkibi bo‘yicha ma’lumotlar dori vositasi bilan bir xil ekanligi aniqlangan.

Mazkur holat bo‘yicha Qo‘mita tomonidan O‘zbekiston akkreditatsiya markazini jalb etgan holda o‘rganish o‘tkazildi.

O‘rganish davomida “Agro Kimyo Standart” qoshidagi “Uni-Chem-Test” laboratoriyasi tomonidan ushbu mahsulotni amaldagi texnik me’yorlarga muvofiq deb tasdiqlanganligi ma’lum bo‘ldi.

O‘rganishlar natijasida aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha hujjatlar O‘zbekiston akkreditatsiya markaziga yuborildi va “Uni-Chem-Test” laboratoriyasining faoliyatiga huquqiy baho berish so‘raldi.

Markaz tomonidan taqdim etilgan ma’lumotga ko‘ra, 2024-yil oktabr oyida “Agro Kimyo Standart"ning sertifikatlashtiruvchi organi akkreditatsiya talablarini buzganligi sababli uning akkreditatsiya sertifikati amal qilishi to‘xtatilgan.


Avvalroq Raqobat qo‘mitasi 500ga yaqin dorixona dori vositalarini oshirib sotganini aniqlagandi.

Natijada dorixonalar tomonidan 5,4 mlrd so‘mga yaqin asossiz daromad olingan. Shundan asosiy qismi poytaxtga to‘g‘ri keladi.