Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning uchinchi choragida O‘zbekiston avtomobil bozori o‘sish ko‘rsatgan bo‘lsa-da, 2023-yildagi ko‘rsatkichlardan orqada qolmoqda.
Xususan, joriy yilning iyul-sentabr oylarida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan avtomobillar soni 352,8 mingtani tashkil qilib, II chorakka nisbatan 76,8 mingtaga (27,8%ga) ko‘paydi. Biroq, bu ko‘rsatkich 2023-yilning mos davriga nisbatan 19,9%ga kam.
Tahlillar tijorat banklari tomonidan ajratilgan avtokreditlar va aholining tasarrufdagi daromadlari avtomobil bozoridagi faollik darajasiga ta’sir etuvchi muhim omillardan biri ekanligini ko‘rsatdi.
Xususan, 2021-yil yanvar oyidan 2024-yil sentabr oyigacha bo‘lgan davrda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan avtomobillar soni va aholiga ajratilgan avtokreditlar hajmi o‘rtasida (korrelyatsiya koeffitsiyenti = 0,72), shuningdek aholi daromadlari va avtomobillar savdosi o‘rtasida (korrelyatsiya koeffitsiyenti = 0,42) mavjudligi aniqlandi.
Joriy yilning dastlabki 9 oyida banklar tomonidan aholiga jami 12,8 trln so‘m miqdorida avtokreditlar ajratilgan bo‘lib, 2023-yilning mos davriga nisbatan 2,4 barobarga kamaygan.
Birgina uchinchi chorakda ajratilgan avtokreditlar ikkinchi chorakka nisbatan 16,9%ga va 2023-yilning mos davriga nisbatan 3 barobarga kamaygan.
Tahlillarga ko‘ra, ajratilgan kreditlarning o‘sish sur’ati so‘nggi 3 yildagi o‘rtacha darajada saqlanib qolsa, yil oxiriga qadar har oyda o‘rtacha 115−118 mingta avtomobil davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi kutilmoqda.
Kreditlashning sezilarli darajada pasayishi fonida avtomobil ishlab chiqaruvchilar va dilerlar talabni qo‘llab-quvvatlash choralarini ko‘rmoqda.
Ayrim kompaniyalar (“GM Uzbekistan”, “BYD” va “KIA”) bir qator modellarga chegirmalar kiritmoqda, qolganlari esa (“GM Uzbekistan”, “BYD”, “Cherry”) foizsiz muddatli to‘lov taklif qilmoqda.
Avtokreditlash nima sababdan pasaymoqda?
O‘tgan yilning sentabr oyida Markaziy bank banklarga avtokreditlar ajratish bo‘yicha talablarni kuchaytirgan edi. Shunday qilib, banklarning kredit portfelidagi avtomobil sotib olish uchun qarzlarning ulushi kreditlar konsentratsiyasi bilan bog‘liq tavakkalchiliklar tufayli 25%dan oshmasligi kerak.
Joriy yil 1-iyuldan boshlab Markaziy bank aholiga kreditlar berish bo‘yicha talablarni kuchaytirdi. Regulyator kredit bo‘yicha o‘rtacha to‘lovlarning qarz oluvchining o‘rtacha oylik daromadiga nisbati orqali hisoblanadigan qarz yuki ko‘rsatkichini joriy qildi.
Ushbu parametr jismoniy shaxslarga mikrokredit berishda allaqachon qo‘llaniladi. Mikroqarzlar berish kredit oluvchining daromadi miqdorining yarmi bilan cheklandi.
Unga ko‘ra, 1-iyuldan kreditlash limiti 60% etib belgilanadi, 2025-yildan esa 50%gacha pasaytiriladi.
Bundan tashqari, Markaziy bank fuqarolarga ipoteka va avtokreditlar berish bo‘yicha talablarni kuchaytirdi. Qarz oluvchilarning kredit riskini baholashda qo‘shimcha ko‘rsatkich — “kredit/garov” koeffitsiyenti hisobga olinadi.
Iyul oyida “ADM Jizzakh” avtomobil zavodi bosh direktori Doniyor Davletiyorov Markaziy bank avtokreditlar berish bo‘yicha ochiqlanmagan cheklovlar joriy qilganini aytdi. Bu yil avtomobil savdosi 15%ga — 350 ming donagacha pasayishi kutilmoqda.
Avvalroq Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti ikkilamchi avtomobil bozorida o‘rtacha narxlar tahlili natijalarini e’lon qilgandi.
Oktabr oyida ikkilamchi avtomobil bozorida “Lacetti”, “Damas”, “Labo” narxlari pasayishda davom etdi. “Spark” o‘rtacha narxlari biroz ko‘tarilgan bo‘lsa, “Cobalt” va “Nexia” narxlarida deyarli o‘zgarish kuzatilmadi.