13-noyabr kuni tovar-xomashyo birjasida AI-80 rusumli avtomobil benzini va suyultirilgan gaz narxi keskin arzonlashdi.
Chorshanba kuni bir tonna AI-80 benzinining birja narxi 8%dan ko‘proq — 9,32 mln so‘mga tushdi. Yoqilg‘i sotish hajmi biroz kamaydi, ammo 2,2 ming tonna atrofida qolmoqda.
Shuningdek, propan ham sezilarli darajada arzonlashdi, uning narxi 7,5% ga — tonnasi uchun 8,19 mln so‘mga tushdi. Shu bilan birga, suyultirilgan gaz savdosi 13,3%ga kamayib, 900 tonnadan pastga tushdi. 1-noyabr holatiga nisbatan propan sotish hajmi ikki barobardan ham ko‘proq qisqardi.
Shu oyda Raqobat qo‘mitasi AI-80 benzini (13-noyabrdan) va propan (6-noyabrdan) narxlarining o‘sishiga cheklov kiritdi. Yoqilg‘i narxining eng yuqori chegarasi sotuvchining boshlang‘ich narxiga nisbatan 5%, suyultirilgan gaz uchun esa 20% etib belgilangan.
Kecha “Spot” Buxoro neftni qayta ishlash zavodi tomonidan ishlab chiqarilgan benzinning boshlang‘ich narxi bir tonnasi uchun 8 931 005 so‘mni tashkil etsa, joriy etilgan cheklovni hisobga olgan holda, bir tonna benzinning maksimal narxi 9 377 555, 25 so‘mga teng bo‘ladi, deb yozgan edi.
Brokerlar “Spot” bilan suhbatda narx chegarasi joriy etilgandan so‘ng propan bilan birja savdolarini “oddiy lotereya” deb ta’rifladi. Bir xil narx takliflarida suyultirilgan gazni arizalari birja tizimi tomonidan avval ro‘yxatdan o‘tkazilganlar oladi.
Xuddi shunday holat o‘tgan yili AI-80 benzini bilan ham kuzatilgan. O‘shanda yoqilg‘i sotib olish limitining joriy etilishi xaridorlar sonini qisqartirib, ayrim avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalarining yopilishiga olib kelgan.
Avvalroq “Spot” “O‘zbekneftgaz” AI-92 benzinini birjaga chiqarishni boshlagani haqida yozgandi.
Buxoro neftni qayta ishlash zavodida ishlab chiqarilayotgan yoqilg‘i narxi bir tonna uchun 11,5 mln so‘mdan oshdi.