O‘zbekiston Germaniya bilan Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) orqali xususiy sektorni rivojlantirish uchun 3 mln yevro jalb qilishga kelishib oldi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi xabar berdi.

Vazirlik delegatsiyasi 13-noyabr kuni Bokuda BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konferensiyasi (COP29) doirasida GIZ katta loyiha direktori Ilka Starrost bilan uchrashdi.

Unda tomonlar xususiy sektorga ko‘maklashish bo‘yicha qo‘shma loyihani amalga oshirish masalalarini muhokama qildilar.

Loyiha bo‘yicha kelishuv 2023-yil dekabr oyida Dubayda bo‘lib o‘tgan BMTning avvalgi konferensiyasida imzolangan edi. Uning doirasida GIZ O‘zbekistonga “yashil” iqtisodiy yechimlar va sanoat texnologiyalarini joriy etish uchun 9 mln yevro ajratdi.

Muzokaralar ishtirokchilari tashabbusning O‘zbekiston hukumati tomonidan iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishdagi rolini qayd etdilar. Muzokaralarda ta’kidlanganidek, loyiha “yashil” iqtisodiyot sohasida davlat va xususiy sektor imkoniyatlarini kengaytirish imkonini beradi.

Shuningdek, loyiha doirasida uglerod chiqindilarini o‘lchash va uglerod sertifikatlash bo‘yicha tajriba almashish rejalashtirilgan.

Bu O‘zbekistonning uglerod kvotalari savdosidagi ishtirokini oshirish va mahalliy sanoatni Yevropa Ittifoqining uglerod transchegaraviy tartibga solish mexanizmiga (CBAM) moslashtirish imkonini berishi kutilmoqda.

Xususiy sektor ekologik toza yechimlarni joriy etishda, shu jumladan “yashil” sanoat parklarini yaratishda qo‘llab-quvvatlanadi.

Bunga erishish uchun GIZ va Iqtisodiyot va moliya vazirligi qo‘shimcha 3 mln yevro ajratish to‘g‘risida memorandum imzoladi.


Avvalroq “Spot” prezident Markaziy Osiyoda Germaniya bilan hamkorlikni rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlarini bayon qilgani haqida yozgandi.

Bular qatorida strategik mintaqaviy hamkorlik, Germaniya kompaniyalari bilan investitsion va texnologik sheriklik, bilim va texnologiyalarni joriy etish hamda yashil energetika sohalari bor.