11-noyabr kuni Vazirlar Mahkamasining qarori bilan fuqarolarga imtiyozli ipoteka kreditlari ajratish tizimiga o‘zgartirishlar kiritildi. Qaror Lex.uz'da e’lon qilindi .

Arizalarni ko‘rib chiqish endi subsidiya.idm.uz maxsus platformasida amalga oshiriladi. Yagona portal orqali murojaat qilinganda arizalar avtomatik ravishda unga yo‘naltiriladi, davlat xizmatlari markazlari esa murojaat qilingandan keyin bir soat ichida ularni tizimga kiritishi kerak.

Ularni baholashda ariza beruvchi va uning turmush o‘rtog‘i (eri)ning daromadlari bilan bir qatorda endi kafillik qiluvchilarning yaqin qarindoshlari daromadlari ham hisobga olinadi. Baholash uchun 12 oygacha bo‘lgan davr uchun o‘rtacha daromaddan foydalaniladi.

Arizalarni baholashda foydalaniladigan ijtimoiy mezonlarning yangi tizimi tasdiqlanmoqda va ular quyida keltirilgan:

Mezon
Ball
I. Ariza beruvchining va/yoki uning oilasining daromadi
Toshkent shahrida
MHTEKMning 2,7 baravaridan 8 baravarigacha (3 105 000 — 9 200 000 so‘m)
10
MHTEKMning 8 baravaridan 9,2 baravarigacha (9 200 000 — 10 580 000 so‘m)
5
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda
MHTEKMning 2,7 baravaridan 7 baravarigacha (3 105 000 — 8 050 000 so‘m)
10
MHTEKMning 7 baravaridan 8 baravarigacha (8 050 000 — 9 200 000 so‘m)
5
II. Hozirgi uy-joy ta’minoti

Ariza beruvchining yoki uning turmush o‘rtog‘ining o‘z uy-joyining mavjud emasligi
20
III. Ijtimoiy himoyaga muhtojlar toifasiga mansub
Labor-migration tizimida mehnat migranti
10
Olis hududlarda ishlaydigan tibbiyot xodimi yoki oliy ma’lumotli mutaxassis
5
Muhandislik, qurilish, qayta ishlash tarmoqlari yo‘nalishlari bo‘yicha kasb-hunar texnikumlarida ishlab chiqarish ta’limi o‘qituvchilari va ustalari
5
30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar
5
Ajrashgan ayollar, bevalar, yolg‘iz onalar
5
IV. Ariza beruvchining yoki oila a’zolarining ma’lum bir toifaga mansubligi
Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza tizimida ro‘yxatga olingan shaxslar
5

Subsidiyalar olish uchun arizalarning mezonlarga muvofiqligini baholash bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar tarkibi ham o‘zgaradi va jarayon 14 ish kunidan 5 ish kunigacha tezlashtiriladi. Tibbiyot muassasalari va xotin-qizlar bilan ishlash bo‘limlari jarayondan chetlashtirildi.

Arizada ko‘rsatilgan ma’lumotlarning to‘g‘riligi Soliq qo‘mitasi, Adliya vazirligi, Bandlik vazirligi, Kadastr agentligi va Ijtimoiy ta’minot agentligi tizimlari tomonidan avtomatik tarzda tasdiqlanadi. Baholash soliq organlari hamda iqtisodiyot va moliya bo‘limlari tomonidan amalga oshiriladi.

Subsidiyalar bilan qoplanadigan foiz to‘lovlari miqdori o‘zgaradi. Yangi kreditlar uchun yillik 12%dan yuqori qismi, 2025-yildan boshlab esa Markaziy bankning asosiy stavkasidan ortiq qismi qoplanadi.

Boshlang‘ich to‘lov va foizlarning bir qismini qoplash uchun subsidiyalar Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan besh ish kuni ichida to‘lanadi. Ilgari to‘lovlar hisobot oyining 25-sanasigacha amalga oshirilgan edi.


Avvalroq “Spot” uy-joyini yaxshilashga muhtoj fuqarolarga ipoteka kreditini berish tartibi tasdiqlangani haqida yozgandi.

Bunda uy-joy qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlashga 120 mln so‘mgacha ipoteka kreditlari beriladi. Buning uchun fuqarolar kambag‘allikdan chiqarish dasturiga kiritilgan va doimiy ish o‘rniga ega bo‘lishlari kerak.