Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki O‘zbekistonning moliyaviy tizimini yashillashtirishga mablag‘ ajratishi mumkin. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Joriy yilning 11−22-noyabr kunlari Boku shahrida BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha Tomonlar konferensiyasi 29-sessiyasi (COP29) doirasida vazirlik delegatsiyasi YTTB vakillari bilan uchrashdi.
Unda YTTB bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihalarning joriy holati, O‘zbekistonda metan emissiyasini qisqartirish sohasida olib borilayotgan ishlar muhokama qilindi.
Shuningdek, tomonlar O‘zbekistonning uzoq muddatli kam uglerodli rivojlanish va iqlimga chidamli strategiyasini amalga oshirish yuzasidan istiqbolli hamkorlik yo‘nalishlarini kelishib oldi. Tomonlar O‘zbekistonning dekarbonizatsiya strategiyasini ilgari surish va yashil iqtisodiyotga o‘tish bo‘yicha anglashuv memorandumini imzolashdi.
Kelishuv doirasida $200 mlngacha moliyaviy tizimni yashillashtirish bo‘yicha maxsus dasturni amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlash uchun mexanizmlarni o‘rganish va joriy qilish ko‘zda tutilmoqda.
Tomonlar O‘zbekistonda moliya sektorini yashillashtirish, chiqindi va suv sektorlarida metan emissiyasini kamaytirish bo‘yicha investitsiya dasturini ishlab chiqish hamda suv, oziq-ovqat va energiya uchun “Nexus” bo‘yicha mamlakat platformasini amalga oshirishga kelishib oldi.
Bundan tashqari, Iqtisodiyot va moliya vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov BMT vakillari bilan uchrashdi.
Unda tomonlar BMT Taraqqiyot dasturi, BMTning Yevropa iqtisodiy komissiyasi va Xalqaro mehnat tashkiloti bilan “O‘zbekistonda adolatli energiyaga o‘tishga ko‘maklashish” dasturi bo‘yicha hamkorlik qilish niyati to‘g‘risidagi bayonotni imzoladi. Uning doirasida hamkorlikni amalga oshirish uchun jami $400 ming miqdoridagi moliyaviy mablag‘lar jalb qilinadi.
Ushbu bayonot doirasida tomonlar adolatli energiyaga o‘tish yo‘lidagi asosiy to‘siqlarni aniqlash va ushbu masalalar bo‘yicha milliy ijtimoiy muloqotni boshlash uchun mamlakatning tartibga solish va institutsional imkoniyatlarini mustahkamlashga e’tibor qaratadi.
Shuningdek, vazir o‘rinbosari Jahon banki vakillari bilan uchrashib, O‘zbekistonda bank texnik ko‘magida amalga oshirilayotgan tahliliy tadqiqotlarni muhokama qildi.
Loyiha va tadqiqotlar O‘zbekiston energetika sektorida metan emissiyasini sezilarli darajada kamaytirish, neft va gaz sohasidagi davlat korxonalarining aktivlarini boshqarish salohiyatini mustahkamlashga qaratilgan.
Avvalroq YTTB Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li qurilishini moliyalashtirishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.