Energetika vazirligi va Saudiyaning “ACWA Power” kompaniyasi Bokudagi COP29 konferensiyasi doirasida O‘zbekistonda elektr energiyasini saqlash tizimlarini qurish bo‘yicha shartnoma imzoladi, deya xabar berdi vazirlik matbuot xizmati.
Shartnomani imzolash marosimida O‘zbekiston tomonidan energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov va “O‘zenergosotish” davlat kompaniyasi boshqaruvi raisi Jahongir Obidjonov ishtirok etdi.
Dastlabki baholashlarga ko‘ra, elektr energiyasini saqlash tizimlarining quvvati 2 GVtni tashkil etadi va loyiha qiymati $1,1 mlrdga baholanmoqda.
Loyiha doirasida butun respublika bo‘ylab yagona energiya tizimida tadqiqotlari o‘tkaziladi va natijalar asosida hududlar tanlanib, elektr energiyasini saqlash tizimlari bosqichma-bosqich joriy etiladi.
Energetika vazirligining ma’lum qilishicha, loyiha qurilishi davrida 1000dan ortiq ish o‘rinlari yaratiladi.
Yaqinda Energetika vaziri o‘rinbosari Umid Mamadaminov “Spot"ga bergan intervyusida “yashil” quvvatlarni integratsiya qilish uchun O‘zbekiston 2030-yilgacha 10 GVt zaxira quvvatlarini yaratishi kerakligini aytgandi.
Bundan tashqari, Energetika vazirligi Navoiy viloyatida 1 GVt quvvatga ega shamol elektr stansiyasini qurish bo‘yicha BAAning “Masdar” kompaniyasi bilan shartnoma imzoladi.
Avvalroq “Spot” O‘zbekiston, Qozog‘iston va Ozarbayjon yashil energiya eksporti to‘g‘risidagi bitimni imzolagani haqida yozgandi.
Tomonlar qo‘shma korxona tashkil etishni, shuningdek texnik hujjatlarni ishlab chiqish va kelishib olishni tezlashtiradigan bo‘ldilar.