Farg‘ona shahrida 2,6 mlrd so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalangan ohak sexi fosh etildi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament matbuot xizmati xabar berdi.
Departamentning Farg‘ona shahri bo‘limi, IIB va “Hududgaz Farg‘ona” gaz ta’minoti filiali xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazildi.
Unda fuqaro N.I. va boshqalar “T.B.” MCHJ binosini MCHJ rahbari bilan og‘zaki kelishuvga asosan ijaraga olib, tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan ohak ishlab chiqarish sexi tashkil etib, umumiy foydalanishdagi gaz tarmog‘iga to‘g‘ridan to‘g‘ri ulanib olgani aniqlangan.
Buning natijasida 1 mln kub metr tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib, davlat va jamiyat manfaatlariga 2,6 mlrd so‘m zarar yetkazilgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Avvalroq “Spot” Namanganda qariyb 435 mln so‘mlik tabiiy gaz va elektr energiyasi talon-toroj qilingani haqida yozgandi.
Xususan, Namangan shahri, Uychi va To‘raqo‘rg‘on tumanida fuqarolar tabiiy gaz va elektr tarmog‘iga to‘g‘ridan to‘g‘ri ulanib olgani aniqlangan.