“O‘zaviatsiya” aviakompaniyasi “Flyadeal” aviakompaniyasining muntazam parvozlarini amalga oshirishga ruxsat berdi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar berdi.

Ruxsatnoma O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi havo qatnovi to‘g‘risidagi hukumatlararo bitim asosida berilgan. Loukoster parvozlarni “Airbus A320” samolyotlarida amalga oshiradi.

Birinchi bosqichda “Flyadeal” uchta yo‘nalishga xizmat ko‘rsatadi: Jidda-Toshkent-Jidda, Madina-Toshkent-Madina va Jidda-Namangan-Jidda.

2022-yil avgust oyida Saudiya Arabistoni va BAAning uchta aviakompaniyasi O‘zbekistonga muntazam parvozlarga ruxsat oldi.

Shundan so‘ng “FlyNas” Jiddadan Toshkentga, “Flydubai” Dubaydan Namanganga, “WizzAir” esa Abu-Dabidan Toshkentga parvozlarni yo‘lga qo‘ydi.

“Flyadeal” aviakompaniyasi Saudiya Arabistonining milliy aviatashuvchisi Saudia kompaniyasining 2017-yilda ishga tushirilgan va loukoster modelida ishlaydigan sho‘ba korxonasi hisoblanadi. Kompaniya Jidda xalqaro aeroportida joylashgan va 32ta samolyotga ega.


Avvalroq “Spot” “Uzbekistan Airways” Toshkent va Lahor o‘rtasidagi parvozlarni tiklayotgani haqida yozgandi.

Aviaqatnov 29-noyabrdan boshlanib, haftada bir marta — juma kunlari amalga oshiriladi.