Shavkat Mirziyoyev 14-noyabr kuni kasalliklarni erta aniqlash va samarali davolashga oid takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Dori vositalari va tibbiy buyumlarni o‘n besh oylik talab asosida xarid qilish tizimi taklif etilmoqda. Bunda kelgusi yillar uchun ehtiyojlar 1-avgustdan kechikmasdan, davlat budjeti parametrlari bilan bir vaqtda shakllantiriladi.
Shuningdek, Sog‘liqni saqlash vazirligi huzurida “Xaridlar markazi” va uning 13ta hududiy filiali tashkil qilinadi.
Markazga 2025-yil 1-yanvardan boshlab, dori vositalari va yopiq turdagi laborator uskunalar uchun sarflov vositalarini bevosita ishlab chiqaruvchidan to‘g‘ridan to‘g‘ri xarid qilishga ruxsat beriladi.
Yana bir taklifga ko‘ra, donorlarni qo‘llab-quvvatlash kengaytiriladi. Jumladan, “O‘zbekiston Respublikasi faxriy donori” ko‘krak nishoni olganlarga bir yo‘la beriladigan pul mukofoti bazaviy hisoblash miqdorini 5 baravaridan 15 baravarigacha oshiriladi.
Ularga jamoat transportidan bepul foydalanish huquqi beriladi, davlat sihatgohlarida davolanish navbatsiz bo‘ladi.
Ta’kidlanishicha, ushbu yangi tizim kelgusi yil 1-yanvardan joriy qilinishi belgilandi.
Mamlakatda sanitariya va fitosanitariya choralari bo‘yicha Jahon savdo tashkilotini xabardor qilish tartibini yo‘lga qo‘yish masalasi ham ko‘rib chiqildi.