Yevropa komissiyasi “Facebook” va “Instagram"ning egasi “Meta"ga ustun mavqedan noto‘g‘ri foydalangani uchun 797,72 mln yevro jarima soldi.

Tergov 2021-yilda boshlangan. Regulyatorlar kompaniyani “Facebook Marketplace” e’lonlar xizmatini “Facebook” interfeysiga adolatsiz integratsiya qilib, raqobatchilarga ustunlik yaratishda aybladi.

Raqobat bo‘yicha komissar Margret Vestagerning ta’kidlashicha, “Meta” harakatlari boshqa e’lon platformalari huquqlarini cheklaydi va halol raqobatga to‘sqinlik qiladi.

jarima, meta, yevropa ittifoqi

Bunga javoban kompaniya “Marketplace” foydalanuvchilarga qulaylik yaratish uchun yaratilganini ta’kidlab, jarima ustidan shikoyat qilishini ma’lum qildi.

“Meta” Yevropa Komissiyasining qarori raqobatchilarga yoki iste’molchilarga zarar yetkazilganligini tasdiqlovchi dalillar bilan asoslanmaganligini ta’kidlamoqda.

Bundan tashqari, yetakchi platformalar — “eBay”, “Leboncoin”, “Marktplaats” — Facebook Marketplace mavjudligiga qaramay, tijorat muvaffaqiyati va o‘sishini namoyish etishda davom etmoqda.

“Meta” butun holatning raqobatni buzish ehtimoli asosida tuzilganini va aniq zarar nazariyasiga ega emasligini ta’kidlamoqda. Kompaniya Yevropa Komissiyasini o‘z qarori bilan bozorning yirik ishtirokchilari o‘rnashib qolgan mavqelarini himoya qilishda va raqobat mohiyatini noto‘g‘ri talqin etishda ayblamoqda.

Bu Yevropadagi kompaniya uchun birinchi monopoliyaga qarshi jarima, ammo avvalroq kompaniya boshqa jazolarga tortilgan. Shunday qilib, “Meta” Yevropa Ittifoqida $13,5 mlrd jarimaga tortilishi mumkin.

Bunga kompaniya reklama bozorini suiiste’mol qilgani, foydalanuvchilarning xohishidan qat’i nazar, avtomatik ravishda Marketplace xizmatiga ulanishi sabab qilib ko‘rsatilmoqda.

AQShda “Meta” 2012-yilda “Instagram” va 2014-yilda “WhatsApp"ni sotib olishda raqobatchilarni yo‘q qilishga qaratilganlikda ayblanib, monopoliyaga qarshi sudga tortilishi kutilmoqda.

Federal savdo komissiyasi (FTC) ta’kidlashicha, ushbu kelishuvlar kompaniyaga ijtimoiy tarmoqlar bozorida monopoliyani mustahkamlashga yordam bergan.

Vashingtondagi sud “Meta” kompaniyasining 2020-yilda boshlangan ishni to‘xtatish haqidagi iltimosini rad etdi, ammo ishlab chiquvchilarning “Facebook” platformasiga kirishini cheklash bilan bog‘liq ayblovlarning bir qismini olib tashladi.

“Meta” xaridlar raqobatning rivojlanishiga yordam berganini ta’kidlaydi va buni sudda isbotlamoqchi. Federal savdo komissiyasi bu jarayonni ijtimoiy tarmoqlar bozorida raqobatni tiklash yo‘lidagi muhim qadam deb hisoblaydi. Sud muhokamasi hali tayinlanmagan.

Yevropa Ittifoqi texgigantlarga qarshi

Bu so‘nggi oylarda Yevropa Ittifoqidagi texnologiya gigantlariga qarshi birinchi qonuniy ish emas.

Masalan, Yevropa Komissiyasining yaqinda yuz bergan ishi va qaroridan so‘ng “Apple” uchinchi kompaniyalarga kontaktsiz to‘lovlarni amalga oshirish va o‘rnatilgan ilovalarni o‘chirishga ruxsat berishga majbur bo‘ldi.

“Google” qidiruv xizmatlari bozoridagi monopoliya tufayli 2,4 mlrd yevrolik da’voni boy berdi. Monopoliyaga qarshi qonunlarning buzilishi tufayli Yevropa komissiyasi va AQSh Adliya vazirligi biznesni taqsimlash imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.

“Telegram” asoschisi Pavel Durov platformadagi noqonuniy harakatlar yuzasidan olib borilgan tergov doirasida Fransiyada hibsga olindi. U 28 avgust kuni garov evaziga ozod qilingan, biroq sud nazorati ostida qoladi, bu esa tergov tugaguniga qadar uning Fransiyani tark etishini taqiqlaydi.


Avvalroq “Spot” AQSh Adliya vazirligi “Google"ni raqamli reklama bozoridagi monopoliyada ayblangani haqida yozgandi.

Tahlilchilar kompaniyaning umumiy moliyaviy yo‘qotishlari $100 mlrdgacha yetishi mumkinligini taxmin qilmoqda.