Joriy yilning 5-noyabr kuni O‘zbekiston “Osiyo va Tinch okeani mintaqasida transchegaraviy qog‘ozsiz savdoni soddalashtirish to‘g‘risidagi hadli bitim"ning rasmiy a’zosiga aylandi. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati xabar berdi. Hujjat 2025-yilning 3-fevralidan kuchga kiradi.

Bitim 2016-yilda BMTning Osiyo va Tinch okeani mintaqasi bo‘yicha iqtisodiy-ijtimoiy komissiyasi (ESCAP) tomonidan qabul qilingan bo‘lib, qog‘oz hujjatlarning o‘rniga elektron hujjatlardan foydalanish orqali xalqaro savdoni tezlashtirish va soddalashtirishga qaratilgan.

Ishtirokchilar boshqa tomonlardan keladigan elektron shakldagi savdo ma’lumotlari va hujjatlarining ekvivalent ishonchlilik darajasi asosida o‘zaro tan olinishini ta’minlash majburiyatini oladilar.

Shartnomaga “ESCAP"ga a’zo 53ta davlatdan istalgani a’zo bo‘lishi mumkin. Bugungi kunda bitimga 14ta davlat, jumladan, Rossiya, Xitoy, Qozog‘iston va Qirg‘iziston rasman qo‘shilgan.

Qayd etilishicha, O‘zbekistonning hujjatga qo‘shilishi mamlakatning qog‘ozsiz savdo xalqaro tizimiga integratsiyalashuvini, Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi hamkor davlatlar bilan eksport-import operatsiyalarini tezlashtirish va soddalashtirishga xizmat qiladi.

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi mazkur xalqaro shartnomani amalga oshirish uchun mas’ul vakolatli organ etib belgilangan.

O‘zbekiston bitimga qo‘shilish imkoniyatini 2018-yilda ko‘rib chiqishni boshlagan. Joriy yilning sentabr oyida prezident xalqaro shartnomaga qo‘shilish to‘g‘risidagi qarorni imzolagandi.

Avvalroq mamlakatda mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi konvensiyani ratifikatsiya qilingani haqida xabar berilgandi. Hujjat ishchilarni faoliyati davomida baxtsiz hodisalar va kasb kasalliklaridan himoya qilishga qaratilgan.