2025-yilning 1-yanvaridan O‘zbekistonda “BNEF Tier-1” xalqaro ro‘yxatiga kirmaydigan kompaniyalardan quyosh panellari, invertorlar va elektr energiyasini saqlash tizimlarini import qilish taqiqlanadi. Bu haqda prezidentning 11-sentabrda qabul qilingan, jamoatchilik uchun ochiq e’lon qilinmagan farmoniga tayanib, “Gazeta.uz” nashri xabar berdi.
Unga ko‘ra, “BNEF Tier-1” ro‘yxati Energetika vazirligi va Bojxona qo‘mitasining rasmiy veb-saytlarida muntazam e’lon qilib boriladi. Hozirgacha, Energetika vazirligi rejalashtirilgan cheklovlar haqida xabar bermadi.
“CNN"ning qayd etishicha, “BNEF Tier-1” reytingi quyosh panellarini yetkazib beruvchilarning moliyaviy barqarorligini baholaydi va faqat moliya sektori uchun e’lon qilinadi. “Bloomberg” ro‘yxati kompaniyalarning uskunalari, xizmatlarining sifati yoki unumdorligini baholamaydi.
Reytingni tuzishda quyidagi mezonlar hisobga olinadi:
- o‘z brendi ostida fotopaneli ishlab chiqarishning mavjudligi;
- ko‘rsatilayotgan xizmatlar hajmi — so‘nggi ikki yilda 6ta bankni jalb qilgan holda quvvati kamida 5 MVt bo‘lgan kamida 6ta loyiha;
- to‘lovlarning o‘z vaqtida qaytarilishi — bankrotlik yoki to‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risidagi joriy sud ishlarining yoki kreditlar bo‘yicha defoltlarning mavjud emasligi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, 1-darajaga ko‘p sonli korporativ mijozlarga ega yirik quyosh panellari ishlab chiqaruvchilari kiradi. Bunday kompaniyalar odatda bozorda uzoq vaqt ishlaydi va elektrotexnika ishlab chiqarish bo‘yicha tajribaga ega, deydi ular. Shuningdek, reytingdagi o‘rin kompaniya tomonidan kafolat majburiyatlarini bajarish ehtimoli yuqoriligini anglatadi.
Avgust oyida o‘tkazilgan Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida quyosh panellarini ishlab chiqaruvchi “Nukus Eleсtroapparat” korxonasi bosh direktori o‘rinbosari Sherzod Shukurov ishlab chiqaruvchilarga quyosh panellari uchun butlovchi qismlarga boj va QQSni bekor qilish taklifi bilan chiqqandi. Prezident bu kabi mahsulotlarga bojlarning mavjudligi ishlab chiqaruvchilar uchun raqobat muhitini yarata olmasligini qayd etdi.
Avvalroq Energetika vazirligi quyosh panellari bo‘yicha murojaatlarni qabul qiluvchi telefon raqamlari sonini oshirgani haqida xabar bergandi.