Abdulla Avloniy nomidagi milliy ilmiy-tadqiqot instituti va “Yandex Uzbekistan” informatika fani o‘qituvchilari uchun bepul kurslarni ishga tushirdi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati “Spot"ga xabar berdi.

Ular orqali o‘qituvchilar neyrotarmoqlar haqida batafsil ma’lumot olishlari hamda “Python” dasturlash tilining asoslari bilan tanishishlari mumkin. Kurslar nazariy va amaliy mashg‘ulotlarni qamrab oladi hamda “Python"ni bilmagan holda materialni o‘zlashtirish va ishda qo‘llash imkonini beradi.

Materiallar “Yandex” mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, kurslarning o‘zi Milliy ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan amalga oshirilayotgan kasbiy rivojlanish tizimining bir qismi hisoblanadi.

Onlayn kurslarda ishtirok etish bepul bo‘lib, uning vaqti cheklanmagan hamda barcha qo‘shimcha materiallar ishtirokchilarda saqlanib qoladi. Masalan, “Python” bo‘yicha kursda asosiy tushunchalar bilan birga, obyektga yo‘naltirilgan dasturlash asoslarini o‘z ichiga olgan olti bo‘lim mavjud.

“Loyiha nafaqat informatika o‘qituvchilariga kasbiy rivojlanishda yordam beradi, balki, O‘zbekiston ta’lim tizimini umumiy modernizatsiya qilishga ham hissa qo‘shadi va kelajakdagi muammolarga tayyor bo‘lgan yangi avlod mutaxassislarini shakllantirishga yordam beradi”, — deydi institut rektori Abduvali Ismoilov.

Kurslarga ro‘yxatdan o‘tish uchun havola orqali qisqa anketani to‘ldirish kerak. Uning yakunida ishtirokchilarga bolalar uchun “Python” bo‘yicha dasturlashning qo‘shimcha materiallari va avtomatik tekshiruvga ega bo‘lgan tayyor topshiriqlar beriladi, ularni o‘quv jarayoniga oson integratsiya qilish mumkin.

Joriy yilning iyul oyida “Yandex Uzbekistan” kuzda mamlakatdagi biznesini rivojlantirish maqsadida Toshkentda ofis ochishi ma’lum bo‘ldi. Undan keyin, IT-mutaxassislar uchun amaliyot dasturini ishga tushirdi.

Sentabrga kelib, “Payze” fintex kompaniyasining Markaziy Osiyo mintaqasidagi faoliyatini boshqargan Izzat Shukurov kompaniya rahbari etib tayinlandi. U “Newmax Technologies”, “MyTaxi” hamda “Express24” kabi loyihalarda ishtirok etgan.

Avvalroq Raqobat qo‘mitasi “Yandex Eats” hamda “Express24"ni ustun mavqega ega deb topgani haqida xabar berilgandi. “Yandex"ning “Express24” aktivlarining bir qismini sotib olish bo‘yicha kelishuvi oldindan rozilikni talab qilmaydi.