Vengriya hukumati “Stipendium Hungaricum” grant dasturiga arizalar qabul qilmoqda.
2025−2026 o‘quv yili uchun butun dunyodan nomzodlar bakalavriat, magistratura hamda PhD darajalari yoki ilmiy darajaga ega bo‘lmagan (almashinuv) dasturlar bo‘yicha ishtirok etishlari mumkin.
Talabgorlar faqat Vengriya bilan hamkor mamlakat o‘rtasidagi belgilangan dasturlarning stipendiyalari va ta’lim yo‘nalishlariga ariza topshirishlari kerak. O‘zbekiston uchun mavjud ta’lim yo‘nalishlari bilan batafsil bu yerda tanishish mumkin.
Dastur uchta daraja bo‘yicha to‘liq yoki qisman ta’lim olish imkoniyatini taqdim etadi. Barcha darajalar bo‘yicha, asosan, ingliz tilidagi dasturlar mavjud. Shu bilan birga, talabalar bir yillik venger tiliga tayyorlov kursiga ham ariza topshirishlari mumkin va undan keyin venger tilidagi ta’lim dasturlariga qabul qilinadi.
Nomzodlar 2025-yilning 31-avgust holatiga 18 yoshdan oshgan bo‘lishlari, shuningdek, o‘z hisobidan Vengriyada tahsil olayotgan hamda oldin mazkur stipendiyadan foydalangan bo‘lmasliklari kerak.
Ariza topshirish jarayonida quyidagi hujjatlar qabul qilinadi:
- onlayn ariza shakli;
- shaxsni tasdiqlovchi hujjat;
- ta’lim to‘g‘risidagi guvohnoma (maktab shahodatnomasi, bakalavr, magistr diplomi) ingliz tilida (tarjimasi bilan);
- doimiy yashash joyini tasdiqlovchi hujjat;
- CV;
- motivatsion xat;
- tibbiy guvohnoma.
Qabul qilingan talabalar o‘qish to‘lovlaridan ozod etilib, ularning tibbiy sug‘urta (160 yevro) hamda sayohat xarajatlari qoplab beriladi. Bundan tashqari, talabalar bepul turar joy bilan ta’minlanadi yoki turar joy xarajatlari uchun oyiga 100 yevro miqdoridagi pul ajratiladi.
Bakalavriat, magistratura, bir bosqichli magistratura va nodavlat dasturlariga qabul qilingan talabalarga oyiga 110 yevro, PhD talabalariga esa ta’limning birinchi bosqichi uchun (4 semestr) oyiga 350 yevro va ikkinchi bosqichi (4 semestr) uchun 450 yevro miqdorida stipendiya ajratiladi.
Barcha darajalar uchun stipendiyalar o‘qish tugagunigacha 12 oy davomida muntazam berib boriladi. Oylik stipendiya miqdori barcha yashash xarajatlarini to‘liq qoplamaydi. Ariza topshirishdan oldin mamlakat hududida kutilayotgan yashash xarajatlarini havola orqali tekshirish tavsiya etiladi.
Arizalarni 2025-yilning 15-yanvarigacha havola orqali jo‘natish mumkin. Batafsil ma’lumot bu yerda.
Tanlov natijalari kelasi yilning iyun oyida e’lon qilinib, talabalar sentabr oyidan Vengriyada darslarda ishtirok etishlari mumkin bo‘ladi.
Foydali havolalar:
- dastur haqidagi qo‘llanma;
- Vengriyada yashash xarajatlarini hisoblash;
- hujjat topshirish mumkin bo‘lgan universitetlar ro‘yxati;
- daraja yoki dastur uchun talab qilinadigan hujjatlar — cheklist;
- bakalavriat va magistratura dasturlari qabul jarayoni haqida batafsil;
- doktorantura dasturlari qabul jarayoni haqida batafsil.
Avvalroq Shveysariya maktabi tadqiqot dasturiga arizalar qabul qilinayotgani haqida xabar berilgandi.