“Troll.uz” “Telegram"-kanali asoschisi va bloger Umid Gafurov Toshkentda o‘zining birinchi oflayn kiyimlar do‘konini ochdi.
Unda “Tirikchilik” nomi ostida kundalik hayot, hazil va kinoyali lavhalarni aks ettiruvchi o‘zbekcha iborali merchlar to‘plami taqdim etildi.
Do‘kon 2022-yilda “Telegram"-bot ishga tushirilishi bilan boshlangan loyihaning uzviy davomi hisoblanadi. Ikki yillik onlayn-savdo davomida “Tirikchilik” jamoatchilik e’tiborini tortib, ijodkorlar loyihalarini qo‘llab-quvvatlash maydoniga aylandi.
Oflayn-do‘kon Toshkent markazida joylashgan bo‘lib, uning maydoni taxminan 100 kv.metrni tashkil etadi. U savdo zonasi va qahvaxonani o‘z ichiga oladi.
“Ko‘pgina xaridorlarimiz bizdan kelib, ushlab va o‘lchab ko‘rish mumkin bo‘lgan maydon yaratishimizni so‘rashgandi. Biz shunchaki do‘kon emas, balki uchrashuvlar va tajriba almashish uchun makon yaratishni istadik”, — dedi Umid Gafurov “Spot"ga bergan intervyusida.
Do‘konda “Tirikchilik” brendining o‘z mahsulotlari bilan birga, Konsta va Timur Alixanov kabi platforma mualliflarining hamkorlikdagi mahsulotlari ham taqdim etilgan. Kelajakda xaridorlarga brend mahsulotlarini topishni osonlashtirish maqsadida har bir muallif uchun alohida peshtaxtalar yaratish rejalashtirilmoqda. Mualliflik mahsulotlarini sotishdan esa blogerlar foiz olishadi.
Foto: Azizaxon Zakirova / Spot
“Merch — bu shunchaki kiyim emas. Bu mualliflar va ularning ijodini qo‘llab-quvvatlash, o‘z birdamligini ifodalash usulidir. Ishonchimiz komilki, O‘zbekistonda bu madaniyat faqat va faqat o‘sib boradi”, — deya ta’kidladi Gafurov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, sotuvlarning asosiy qismi o‘z ishini kelgusida ham davom ettiradigan Telegram-bot va onlayn platforma orqali davom etmoqda. Rejalar qatorida assortimentni kengaytirish, mahsulotlarning yangi turlarini qo‘shish va xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash bor.
Ochilish qanchaga tushdi?
Umid Gafurov brendni ishga tushirish va do‘konni ochish xarajatlari ikki xil toifaga bo‘linishini ta’kidladi.
“Brend — juda mavhum tushuncha, chunki bu shunchaki logotip va shrift emas. Kimdir bunga millionlab mablag‘ sarflaydi. „Troll.uz“ brendim 0 so‘m va 11 yillik faoliyatim evaziga tushdi. „Tirikchilik“ „Troll.uz“ qanoti ostida yaratildi. Uning aydentikasi va logotipini ishlab chiqish uchun ham 0 so‘m sarflandi, loyiha shrifti esa shunchaki mening qo‘l yozuvim”, — dedi u.
Biroq, oflayn-do‘kon yaratish jiddiyroq investitsiyalarni talab qildi. Do‘konni ta’mirlash, mebel va jihozlar uchun ijara xarajatlarini hisobga olmaganda, taxminan $20 ming sarflandi. “Biz “tanish-bilish"imizdan unumli foydalanishga harakat qildik hamda mebel va pardozlash ishlariga yordam bergan hamkorlarimizdan minnatdormiz”, dedi Gafurov.
Foto: Azizaxon Zakirova / Spot
Brend asoschisi ta’kidlashicha, oflayn-do‘kon ancha jiddiy xarajatlarni talab qiladi va bunday loyihalar o‘rtacha olti oydan so‘ng o‘zini qoplay boshlaydi. Asosiy daromad ijara xarajatlariga sarflanadi. Ijara qancha qimmat bo‘lsa, xarajatlarning o‘zini o‘zi qoplashi ham shuncha uzoqqa cho‘ziladi, deya qo‘shimcha qildi u.
“Buni ongli ravishda boshladik. Bizda do‘kon foydasi bo‘yicha haddan tashqari kutilayotgan umidlar yo‘q — barchasi kelgusidagi istiqbolga qaratilgan. Biz yaxlit ekotizim yaratishga intilyapmiz, do‘kon esa ushbu ekotizimning bir qismi, xolos”, — deya xulosa qildi Umid Gafurov.
Avvalroq “Ozon"ning O‘zbekistondagi rahbari Jamshid Zohidov nima uchun marketpleys bozorga chiqishga qaror qilgani, BBP tarmog‘i va logistikani rivojlantirish rejalari hamda o‘zbekistonlik tadbirkorlarni hamkorlikda nimalar kutayotgani haqida “Spot"ga so‘zlab bergandi.