Avvalroq 1-noyabrdan O‘zbekistonga import qilinadigan avtomobillarni texnik sinovdan o‘tkazish tartibi o‘zgargani haqida xabar berilgandi. Endi ular bojxona hududida emas balki, Pskentdagi poligonda sinovdan o‘tkazilmoqda.
“Gazeta.uz"ning xabar berishicha, jarayon ko‘proq vaqt talab etgani bois bu tartib uzun navbatlarning paydo bo‘lishiga olib keldi, muvofiqlik sertifikatining o‘rtacha narxi esa 3,5 baravarga — 2,6 mln so‘mdan 9,1 mln so‘mgacha oshdi.
O‘tgan hafta “O‘zbekiston ilmiy sinov va sifat nazorati markazi” (UzTest) ichki yonuv dvigatelli avtomobillar uchun narxni 5,6 mln so‘mgacha, elektromobillar uchun esa 4,48 mln so‘mgacha pasaytirdi.
O‘zgarishlar jismoniy shaxslar va norasmiy dilerlarga taalluqli. “UzTest"ning ta’kidlashicha, bu “rasmiy dilerlar bilan teng raqobat sharoitini ta’minlash” va “iste'molchilar uchun risklarni kamaytirish"ga qaratilgan.
Avtomobil egalari poligonda kutish jarayoni bir necha kun davom etishi mumkinligini, bu esa ularni mashinalarda tunab qolishga majbur qilayotganini ta’kidlashmoqda. “UzTest” uzoq navbatlarni “mavsumiylik va import hajmining oshishi” bilan izohladi.
“UzTest” ma’lumotlariga ko‘ra, 1-noyabrdan 12-noyabrgacha 600 dan ortiq avtomobil sinovdan o‘tkazilgan. Shu bilan birga, poligonning quvvati kuniga 50−60ta avtomobilni tekshirish imkonini beradi, bu yiliga 22 ming donagacha demakdir.
Biroq, jismoniy shaxslar tomonidan avtomobillar importi hajmi avtopoligon quvvatidan 3−3,3 baravar yuqori. Joriy yilning sakkiz oyida O‘zbekistonga 48 mingdan ortiq yengil avtomobil olib kelindi.
Bundan tashqari, poligon uzluksiz ish rejimiga o‘tdi (ilgari u soat 9:00dan 18:00gacha ishlagan). Maxsus kutish hududlari tashkil etilib, biohojatxonalar o‘rnatildi, shu bilan birga, elektron navbat tizimini joriy etish rejalashtirilmoqda.
2023-yilning dekabr oyida “Gazeta.uz” avtomobil va elektromobillarni olib kirish qoidalarini kuchaytirishni ko‘zda tutuvchi hukumat qarori loyihasi ishlab chiqilayotgani haqida xabar bergandi. Xususan, 2024-yildan boshlab jismoniy shaxslarga tijorat maqsadida mashinalarni olib kirishni taqiqlash, yangi xorijiy avtomobillarni faqat rasmiy dilerlar orqali sotish tartibini qayta joriy etish taklif qilingan.
Mart oyiga kelib, Xitoyning “BYD” avtomobil ishlab chiqaruvchisi O‘zbekiston hukumatidan mahalliy iqlim va yo‘l sharoitlariga mos kelmaydigan, shuningdek rasmiy kafolatga ega bo‘lmagan elektromobillarning “tartibsiz” olib kirilishini cheklashni so‘ragani ma’lum bo‘ldi.
Raqobat qo‘mitasi o‘shanda importni cheklash bo‘yicha muvozanatli qaror qabul qilinishini yoqlab chiqqan va Vazirlar Mahkamasiga o‘z takliflarini kiritishini bildirgandi.
Avvalroq “Spot” O‘zbekistondagi yuqori soliq va bojlar avtomobil bozori rivojlanishini sekinlashtirayotgani haqida yozgandi.