Avvalroq Shavkat Mirziyoyev aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini energiya bilan uzluksiz ta’minlash masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazgani haqida xabar berilgandi.

Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida prezidentning elektr energiyasini “uzluksiz va biron bir cheklovsiz” yetkazib berish borasidagi ko‘rsatmasi to‘g‘risida so‘zlab berdi.

Bunda generatsiya quvvatlaridan to‘liq foydalanish va qo‘shni mamlakatlar energetika tizimlari bilan hamkorlik qilish nazarda tutilgan.

“O‘tgan yilning shu davri bilan solishtirganda, bu yil noyabr oyi bir muncha salqinroq kelishi, qor yog‘ishi yoki haroratning minus 3 darajagacha, ayrim hududlarda esa minus 8 darajagacha tushishi hisobiga tabiiy gaz va elektr energiyasi iste’moli keskin oshdi”, — dedi vazir.

Uning qayd etishicha, aholi va iqtisodiyot tarmoqlarining talabini qondirish maqsadida kerakli zaxira resurslari ishga solingan, jumladan yer osti gaz omborlaridan yetarli darajada gaz jamg‘arilgan.

Mirzamahmudovning ta’kidlashicha, yig‘ilishda harorat “keskin, ya’ni, minus 10 va minus 20 darajagacha” pasayishi mumkin bo‘lgan holatlar uchun butun energiya ta’minoti zanjirining ishlashi bo‘yicha harakatlar rejasi muhokama qilingan.

“Qazib chiqarishdan tortib, magistral tarmoqlar, yetkazib berish, har bir stansiya, mahallabay mas’ullarning ishlashi borasida topshiriqlar bo‘ldi”, — dedi u.

Shu bilan birga, ijrochilarning majburiyatlari va javobgarligi belgilab berilgani, kafolatli yetkazib berish topshirilganini qo‘shimcha qildi Jo‘rabek Mirzamahmudov.

Avvalroq ayrim quyosh panerlari importini 2025-yildan boshlab cheklash rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi.