Qozog‘istonning “Kaspi.kz” fintex guruhi “Humo” to‘lov tizimini xususiylashtirish jarayonida ishtirok etmaslikka qaror qildi. Bunga tahlilchi Timurmalik Elmuradov e’tibor qaratdi.

Joriy yilning avgust oyida kompaniya to‘lov tizimi operatori bo‘lgan “Milliy banklararo protsessing markazi” ustav kapitalidagi 100% davlat ulushini sotish jarayonida ishtirok etishdan manfaatdor ekanini bildirib, Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga majburiyatga ega bo‘lmagan xat yuborgandi.

Kompaniya matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, ayni paytda “Kaspi” bu jarayonni davom ettirmayapti.

“O‘zbekiston iqtisodiyoti jadal sur’atlarda o‘smoqda va mamlakat hukumati islohotlarning jozibador kun tartibini amalga oshirmoqda. „Kaspi.kz“ innovatsion raqamli mahsulotlari iste’molchilar va savdogarlarning kundalik hayotini yaxshilaydi”, — deyiladi xabarda.

Shuningdek, kompaniya O‘zbekistonning “qiziqarli” raqamli transformatsiyasida ishtirok etish imkoniyatlarini izlashni davom ettirishini ma’lum qilgan.

Xususiylashtirish jarayoni

Iyul oyi o‘rtalarida Davaktiv agentligi “Humo"ning 100% ulushini xususiylashtirish boshlanganini ma’lum qildi.

Unga “Deloitte” xalqaro kompaniyasi konsultant, “KPMG” xalqaro kompaniyasi esa mustaqil baholovchi sifatida jalb etilgan. Jarayon uch bosqichda tashkil etilib, birinchi bosqich 22-avgustda yakunlandi.

Aktivni sotib olishga O‘zbekiston, Yevropa va Osiyodan 8 nafar investor qiziqish bildirgan. 6 nafar talabgor esa mezonlarga javob berganligi sabab, ularning keyingi bosqichga o‘tishi belgilandi.

Avvalroq “Spot” bilan suhbatda bo‘lgan ekspertlar “Humo"ning minimal qiymatini $60−80 mlnga baholashgandi. Aniq narxni aniqlash uchun to‘lov tizimining joriy va prognozli moliyaviy ma’lumotlariga kirish zarur. Davaktiv agentligi direktori Akmalxon Ortiqov bunga qo‘shilgan holda, “haqiqatga ancha yaqin” ekanini ta’kidladi.

Bundan tashqari “Spot” fintex bozori ishtirokchilari bilan “Kaspi"ning O‘zbekiston bozoriga kengayishi, “Humo” bilan kelishuv ehtimoli, to‘lov tizimini sotib olishdagi rejalar va mahalliy biznesning “Kaspi” bilan raqobatlashishga tayyorligi haqida suhbatlashgandi.

Humo tarixi

“Milliy banklararo protsessing markazi” 2018-yilda tashkil etilgan, undan keyingi yilning bahorida esa u boshqarayotgan “Humo” to‘lov tizimi ishga tushirildi. 2021-yilda “Uzcard” bilan hamkorlik qilishga kelishib, infratuzilmani integratsiyalashni boshladi.

2023-yilning yozidan buyon 6,4 mingta “Humo” bankomatlari “Uzcard” bank kartalarini o‘zaro asosda qabul qiladi. Hozirda to‘lov terminallarini integratsiyalash bo‘yicha ishlar olib borilmoqda, ular allaqachon sinov bosqichiga chiqqan.

Joriy yilning may oyida MBPM prezidentning tegishli farmoniga muvofiq aksiyadorlik jamiyati sifatida qayta tashkil etildi. Kompaniya tomonidan nominal qiymati 1000 so‘m bo‘lgan 155 448 748 dona oddiy aksiyalar chiqarildi va ular Davaktiv agentligida joylashtirildi.

Avvalroq “Poytaxt bank” BAAning “Bond Investments Limited” kompaniyasiga sotilgani haqida xabar berilgandi. Iyun oyida Davaktiv agentligi kompaniya bilan bankning 100% aksiyalar paketini $10 mlnga sotish bo‘yicha kelishuvga erishgan.