Joriy yilning sentabr oyida Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanidagi “Shota Rustaveli” ko‘chasida “gastronomik” ko‘cha barpo etilishi xabar berilgandi.

Mazkur ko‘cha 2025-yilning ikkinchi choragida ochilishi rejalashtirilgan. Bu haqda Yakkasaroy tumani hokimi o‘rinbosari Nurbek Shamsiyev “Spot” muxbiriga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Bo‘lajak “gastronomik” ko‘chaning uzunligi 1,8 km.ni tashkil etadi. Unda 154ta tijorat obyekti, jumladan, 2ta mehmonxona, 19ta kafe va restoran, 85ta do‘kon va 32ta xizmat ko‘rsatish shoxobchasi joylashgan. Ko‘cha Pushkin bog‘idan “Rossiya” mehmonxonasigacha “gastronomik” bo‘ladi.

Ko‘cha loyihasi “Dizayn Fabrikasi” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan, pudratchi esa Turkiyaning “KOÇ Construction” kompaniyasi hisoblanadi. Ishlar ikki bosqichda amalga oshiriladi: avval Pushkin haykali yonidagi bog‘ rekonstruksiya qilinadi, undan keyin Shota Rustaveli ko‘chasining o‘zida ishlar boshlanadi.

Loyihaga ko‘ra, ko‘cha bo‘ylab binolarning fasadlarini yangilash, shuningdek, 1,6 km uzunlikdagi velosiped yo‘lagini qurish, 40ta o‘rindiq, 10ta pandus o‘rnatish va ko‘kalamzorlashtirish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, bekat va yo‘laklarni rekonstruksiya qilish, Wi-Fi zonasi va ko‘cha musiqachilari uchun kichik sahna o‘rnatish rejalashtirilgan.

“Biz madaniy meros binolarining fasadlarini rekonstruksiya qilamiz, bu biroz vaqt olishi mumkin, chunki buning uchun bizga ruxsatnoma kerak bo‘ladi. Bundan tashqari, piyodalar yo‘laklarini bir xil kenglikda qilyapmiz, hozir ular qayerdadir kengroq, qayerdadir kichikroq” — dedi hokim o‘rinbosari.

Pushkin haykali yonidagi parkdagi ishlar 35−40%ga yakunlandi. Hokim o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, park gastronomik ko‘chaning o‘ziga tortish markazi bo‘ladi. Sayrgoh mavzusi suvli bo‘ladi — unda turli favvoralar o‘rnatilishi kutilmoqda, suvdan foydalangan holda arg‘imchoq, shuningdek, velosiped va yugurish yo‘laklari va bolalar maydonchasi paydo bo‘ladi.

Shamsiyevning so‘zlariga ko‘ra, loyiha ekspertizasi yakunlanmagan, ammo gastronomik ko‘chani ta’mirlash ishlariga ajratilgan 20 mlrd so‘m yetarli emasligi ma’lum.

Bundan tashqari, hokim o‘rinbosarining ta’kidlashicha, loyihada yozgi terrasalar ko‘zda tutilmagan, biroq tadbirkorlar hokimlikka murojaat qilib, ularni loyiha rejasiga kiritishlari mumkin. Terrasalar qurilishi muassasa egalari tomonidan moliyalashtiriladi, hokimlik esa obodonlashtirish va yoritish ishlari bilan shug‘ullanadi. Mablag‘ yetishmagan taqdirda, tadbirkorlar istalgan bank orqali imtiyozli kredit olishda yordam so‘rab hokimlikka murojaat qilishlari mumkin.

Gastronomik ko‘chada 26ta bo‘sh savdo nuqtasi mavjud, biroq Shamsiyevning aniqlik kiritishicha, ularning ijaraga berilishiga hokimlikning aloqasi yo‘q. Barcha bo‘sh binolarni ijaraga beradigan egalari bor. Hokimlikning o‘zi savdo nuqtalarini joylashtirmaydi.

Xavfsizlikni ta’minlash maqsadida Milliy gvardiyaning yagona serveriga yozuvlarni uzatuvchi qo‘shimcha kameralar o‘rnatiladi. Avtoturargoh yo‘lning ikki tomonida tashkil etiladi.

Avvalroq “Spot” Sodiq Azimovdagi gastronomik ko‘cha qanday bo‘lishi haqida xabar bergandi.