Joriy yilning iyul oyida Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov poytaxtdagi tashqi reklama obyektlarini tartibga solish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Hujjat bilan, egalari ularni yangi turdagi hujjatlarga almashtirish to‘g‘risida ariza bermagan reklama obyektlarining pasportlari haqiqiy emas deb topilishi belgilangan. Hukumat pasportlarni joriy yilning 1-apreligacha almashtirishni topshirgandi, biroq keyin Toshkent uchun belgilangan muddat 1-iyungacha uzaytirildi. Demontaj ishlari joriy yil yakunigacha tugatilishi kerak.

Oktabr oyi oxiriga kelib, poytaxt hokimligi reklama konstruksiyalari uchun dizayn-kodni tasdiqladi. Ushbu kod hokimiyatning Raqamli rivojlanish departamenti tomonidan ishlab chiqilgan.

Hokimlikning qayd etishicha, aholi tomonidan “tartibsiz va yorqin reklamalar” tanqid qilinib, reklama konstruksiyalari shaharning me’moriy qiyofasini idrok etishga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi vizual tartibsizlikni keltirib chiqarishi aytilgan.

“Biz barcha reklama inshootlari egalarini vaqtni boy bermasdan o‘z reklamalarini yagona dizayn-kod talablariga muvofiqlashtirgan holda qonuniylashtirish choralarini ko‘rishga chaqiramiz”, — deya ogohlantirdi hokimlik.

Tasdiqlangan dizayn-kodga mos keladigan qonuniy reklama nafaqat Toshkentning vizual qiyofasini yaxshilaydi, balki biznes uchun qulay sharoitlar yaratishga yordam beradi.

Hujjatda reklama konstruksiyalarining tashqi ko‘rinishi, fizik parametrlari va joylashuviga, shuningdek transportda reklamaga qo‘yiladigan talablar belgilangan. Shu bilan birga, Toshkent shahrining barcha tumanlaridagi reklamadan xoli hududlar va ularning xaritadagi o‘rni ko‘rsatiladi.

10-noyabr kuni Toshkentda noqonuniy o‘rnatilgan tashqi reklamalarga qarshi reydlar boshlandi. Birinchi kunning o‘zidayoq barcha tumanlarda 1 600dan ortiq obyektlar demontaj qilindi. Undan keyingi kunda ham poytaxt tumanlarining kamida yarimida noqonuniy reklama konstruksiyalari olib tashlandi. Birgina Mirobod tumanida 100dan ortiq bannerlar demontaj qilindi.

Undan keyin Biznes-ombudsman reklama konstruksiyalari demontaj qilinishiga izoh berib, tadbirkorlardan qonun talablariga muvofiq o‘rnatilgan tashqi reklama obyektlari noqonuniy buzilishi yuz bersa, 1100 qisqa raqamiga xabar berishni so‘radi.

“Spot” reklama agentliklari, tadbirkorlar va huquqshunos bilan tashqi reklamalarga qo‘yilgan talabning o‘zgarishi, ularni tadbirkorlar faoliyatiga ta’siri va demontaj xususidagi fikrlarini o‘rgandi.


Asosiy muammo nimada?

O‘zbekiston marketing assotsiatsiyasi rahbari Diyor Mirzaahmedovning so‘zlariga qaraganda, demontaj ishlarini amalga oshirishdagi asosiy xato — hokimiyatining jamoatchilik, sohaviy uyushmalar va tadbirkorlar bilan hamkorlikda ishlamayotganida.

Uning so‘zlariga qaraganda, aybsizlik prezumpsiyasi yo‘q va ish o‘rinlarini yaratib, soliqlarni to‘layotganlar yana bir bor davlat byudjeti hisobiga ishlaydigan ma’murlar oldida ashaddiy qonunbuzarlarga o‘xshab ko‘rinmoqda. Bu jarayonda mas’ullar bilan muloqot nuqtalari puxta o‘ylanmagan.

Kim bilan maslahatlashish kerak? Yetkazilgan zarar uchun kim mas’uliyatni bo‘yiniga oladi? Nima uchun shahar kengashining qarorlarini bajarish bo‘yicha ogohlantirish va tavsiyalar mavjud emas? Afsuski, bunday savollar ko‘p, deydi Mirzaahmedov.

“Vse Budet” marketing agentligi asoschisi Vitaliy Xalzunov esa muammo tashqi reklamani joylashtirish bo‘yicha aniq qoidalar yo‘qligida ekanini qayd etdi. Qoidalar bo‘lmas ekan, hamma narsa ertami-kechmi tartibsizlikka yuz tutadi, deydi u.

“Bellissimo” pitsaxonalari tarmog‘i asoschisi Farrux Abdullayev, demontaj ishlari amalga oshirilayotganidan xabardor etilmagani, biroq oxirgi paytlarda noqonuniy reklamalar ko‘payib ketganini tasdiqlab, bularning barchasi shahar ko‘rinishini yana ham chiroyli bo‘lishi uchun qilinayotgan sa’y-harakat ekanini ta’kidladi. “Vip brend” kiyimlar do‘koni mas’ul xodimi ham hozirda qonuniy tashqi reklamalarni joylash bo‘yicha ishlar olib borilayotganini ma’lum qildi.

Diyor Mirzaahmedov so‘nggi yillarda tashqi reklama va shahar bezagini hisobga olish hamda nazorat qilish tizimi sezilarli darajada yomonlashgani ta’kidladi.

noqonuniy reklama, reklama, reklama agentliklari, tashqi reklama

“Tadbirkorlar fikri o‘rganilishi kerak”

Tartibsiz tashqi reklama, rang-barang peshlavhalar, arzon bannerlar — haqiqatan bularning barchasi shahar ko‘rinishini yomonlashtiradi. Tadbirkorlar bu e’tirozlardan yengil tortmasliklari tabiiy, lekin bunga qandaydir yechim topish kerak, deydi Vitaliy Xalzunov.

Vitaliy, so‘zi davomida, nima uchundir, bularning barchasi markaziy ko‘chalaridan boshlanib o‘sha yerning o‘zida tugashi, bir necha kilometr narida esa “ko‘rgazmali jahannam” paydo bo‘lishini qayd etdi. Bu kabi tashqi reklamalarni tartibga solish uchun u logotip, brend stilini yaratib berish paytda uni qanday holatlarda ishlatish bo‘ycha qo‘llanma yaratishni tavsiya qilmoqda.

Diyor Mirzaahmedov fikricha yechim faqat bitta. Biznes shaharning asosiy investori sifatida faoliyatiga ta’sir ko‘rsatadigan qarorlarning qabul qilinishida ishtirok etishi va undan xabardor bo‘lishi kerak.

“Tadbirkorlarimizning katta qismi — juda bilimli, savodli va mas’uliyatli mutaxassislar. Ular tashqi reklama va tashqi dizayn bo‘yicha qanday ishlashni juda yaxshi bilishadi, ammo biz hali ham hozirgi shahar rahbariyati nimani istayotganini tushunish uchun kim bilan va qanday “teng” tarzda muloqot qilishimiz kerakligini bilmaymiz. Afsuski, so‘nggi xatti-harakatlarga ko‘ra, ular bizda faqat “dushmanlar"ni ko‘rishmoqda”, — deydi Diyor Mirzaahmedov.

Demontaj qilishning huquqiy asoslari

Advokat, “Legalmax Law Firm"ning hamkori Aleksandr Lobanov reklama konstruksiyalarini demontaj qilish “Tashqi reklama obyektlarini qurish tartibi to‘g‘risida"gi nizom va “Reklama to‘g‘risida"gi qonun bilan tartibga solinib, demontaj qilishning asosiy shartlari quyidagicha:

  1. Konstruksiya pasportsiz yoki bekor qilingan pasport bilan o‘rnatilgan bo‘lsa.
  2. Xavfsizlikka yoki atrof-muhitga tahdid solsa.

Agar mulkdor xabar berilgandan keyin 10 ish kuni ichida konstruksiyani demontaj qilmasa, mahalliy hokimiyat majburiy demontajni amalga oshirishi mumkin. Egasi noma’lum bo‘lganda, e’lon hokimiyat saytiga joylashtiriladi va agar u 30 kun ichida topilmasa, konstruksiya demontaj qilinadi.

Majburiy demontaj u boshlanishidan ikki kun oldin xabardor qilingan holda amalga oshiriladi. Konstruksiya xavfsizlikka tahdid soladigan holatlar bundan mustasno.

Advokat, “ESTE” advokatlik firmasining boshqaruvchi sherigi Zafar To‘xtashov so‘zlariga ko‘ra, joylashtirish joyi pasportisiz o‘rnatilgan reklama konstruksiyalari Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi yoki uning hududiy boshqarmalari qarori bilan demontaj qilinishi kerak.

Monopoliyaga qarshi organ demontaj qilish to‘g‘risida qaror qabul qiladi:

noqonuniy reklama, reklama, reklama agentliklari, tashqi reklama

Mulkdorlar bo‘lg‘usi demontaj haqida xabardor qilinadi. Hokimlik ishdan ikki kun oldin vaqt va joy haqidagi ma’lumotlarni o‘z saytiga joylashtiradi.

Yangi dizayn-kod bo‘yicha biznesning majburiyatlari

2024-yil 25-oktyabrda Kengash tomonidan tasdiqlangan yangi dizayn-kod talablari shahar qiyofasini tartibga solish maqsadida reklama o‘rnatish qoidalarini o‘zgartirdi.

Transportda reklama va reklamasiz hududlar bo‘yicha talablar 2025-yil 25-yanvardan kuchga kiradi. Reklamaning barcha turlari uchun muddat bir xil bo‘lishi maqsadga muvofiq bo‘lar edi, deydi Zafar.

“Har bir holat qonun va hujjatlarni hisobga olgan holda tahlilni talab qiladi. Biroq, shuni yodda tutish kerakki, qonunchiligimiz biznesni davlat organlarining asossiz harakatlaridan har tomonlama himoya qiladi. Kafolat va huquqlardan foydalanish yoki foydalanmaslik faqat tadbirkorning o‘ziga bog‘liq”, — deya yakunladi mutaxassis.

Lobanovga ko‘ra biznes quyidagilarga majbur:

  • 2024-yil 25-oktyabrdagi qaror bilan tasdiqlangan yangi texnik reglamentning xavfsizlik me’yorlari va talablariga rioya qilish;
  • konstruksiyalarni dizayn, o‘lchamlar, materiallar va joylashtirish zonalarini hisobga olgan holda o‘rnatish.

noqonuniy reklama, reklama, reklama agentliklari, tashqi reklama

Biznes o‘z manfaatini qanday himoya qilishi mumkin?

To‘xtashov agar reklama konstruksiyasi egasi demontajni asossiz deb hisoblasa, u qarorni haqiqiy emas yoki noqonuniy deb topish uchun ma’muriy sudga ariza berishi mumkinligini ta’kidladi.

Sud vaqtinchalik himoya choralarini ko‘rishi, masalan, ish tamom bo‘lgunga qadar demontaj qilinishini taqiqlashi mumkin. Agar talablar asosli bo‘lsa, yaxshisi, me’yorlarga rioya qilish va foydasiz tortishuvga yo‘l qo‘ymaslik uchun konstruksiyani qayta o‘rnatish kerak, deydi u.

“Legalmax Law Firm” yuristi Safira Xudjamovaga ko‘ra, reklama konstruksiyalari egalari o‘z huquqlarini himoya qilish uchun quyidagilarni amalga oshirishlari mumkin:

  • konstruksiyani o‘rnatish uchun pasport olish;
  • konstruksiyaning xavfsizligini isbotlovchi dalillarni taqdim etish;
  • konstruksiyani 10 ish kuni ichida mustaqil ravishda demontaj qilish.

“Agar konstruksiya majburiy ravishda demontaj qilingan taqdirda, egasi uni 30 kun ichida demontaj qilish va saqlash xarajatlarini to‘lash orqali olib ketishi, konstruksiya sotilgan bo‘lsa, mulkdor xarajatlarni chegirib tashlaganidan keyin qolgan mablag‘ni talab qilishi mumkin”, — tushuntiradi Xudjamova.

Pasportda ko‘rsatilgan uchastka yoki binodan vaqtincha foydalanish imkoni bo‘lmaganda kompensatsiya to‘lanishi mumkin. Bunday holda, mulkdorga yangi joy beriladi yoki kompensatsiya to‘lanadi.

Demontaj qarori yuzasidan qanday shikoyat qilinadi? Safiraning so‘zlariga ko‘ra, mulkdor:

  • yuqori turuvchi organga konstruksiyaning me’yorlarga muvofiqligini tasdiqlovchi dalillar bilan shikoyat qilishi;
  • agar shikoyat rad etilgan bo‘lsa, ma’muriy sudga murojaat qilishi mumkin.

Tadbirkorlar “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida"gi qonun bilan himoyalangan va davlat organlarining qarorlari ustidan sudga shikoyat qilishlari mumkin.

Zafar To‘xtashov suddan tashqari, yuqori turuvchi organga yoki huquqni muhofaza qiluvchi tuzilmalarga shikoyat qilish mumkinligini qayd etdi. Uning ta’kidlashicha, bunday harakatlar davlat kampaniyalarining bir qismi bo‘lganligi sababli, prokuratura yoki militsiyaga murojaat qilish foyda bermasligi mumkin. Shunday ekan, Sud huquqlarni himoya qilishning eng samarali usuli bo‘lib qolmoqda.