Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida joylashgan “Askiya dehqon bozori” qayta rekonstruksiya qilinadi. Bu haqda tuman matbuot xizmati xabar berdi.

16-noyabr kuni tumandagi “Ateca Hotel Suites” mehmonxonasida loyiha bo‘yicha taqdimot bo‘lib o‘tdi. Unda Yakkasaroy tumani hokimi Nilufar Allabergenova “Askiya bozori"da xaridorlarning kelib ketishiga bir qator noqulayliklar mavjudligini qayd etdi.

Bozorda joylashgan avtoturargoh hajmi kichikligi, ochiq hududda joylashgan bozor noqulay ob-havoda fuqarolarga noqulaylik kelib chiqarayotganligi hamda aholi va tadbirkorlarga yetarli darajada qulaylik mavjud emasligi bo‘yicha ma’lumot berildi.

Bugungi kunda eskirgan bozorni yangi ko‘rinishda qayta qurish bo‘yicha investorlar bilan muzokaralar olib borilmoqda. Ular tomonidan bildirilayotgan takliflar asosida bozor hududini “e-auksion” platformasi orqali investorlarga taklif etish rejalashtirilgan.

Tuman hokimligi sotib olish taklifi bilan chiqqan investorga Toshkent shahar hokimligi, Davaktiv agentligi Toshkent shahar hududiy boshqarmasi va Munisipial aktivlarni boshqarish markazi bilan belgilangan talablar bo‘yicha kelishilishini qayd etdi.

Bunda quyidagilar jamiyatga beg‘araz o‘tkazib berilishiga to‘xtalib o‘tildi:

  • 3 ming kv.metr maydonda ekobozor;
  • 1 200 kv.metr maydonda sovutgich omborxonasi;
  • 400ta o‘ringa mo‘ljallangan yer osti ko‘p qavatli avtoturargohi.

Loyiha natijasida $150 mln to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investisiyalar o‘zlashtirilib, 1000dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Yangi bozor yonida 4 yulduzli mehmonxona quriladi. Bundan tashqari, yirik savdo kompleksiga ham jahon standartlari asosida yulduz olinadi.

Yangi barpo etilgan bozor hududida velosipedlar uchun joy, yangi o‘rindiqlar, Wi-Fi zonalari barpo etiladi. Aholi uchun ko‘ngilochar hududlar tashkil etilib, savdo majmuasida eskalator, imkoniyati cheklangan insonlar uchun maxsus panduslar o‘rnatiladi.

Shuningdek, bozor hududida yashil maydon barpo etiladi hamda xojatxonalar tashkil etiladi. Bozor tozaligini ta’minlash maqsadida uzluksiz ishchi xodimlar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Yil boshida prezident tarixiy shaharlardagi bozorlarni rekonstruksiya qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergandi. Buning uchun Turkiya va arab mamlakatlari tajribasini o‘rganish, loyihalashtirishga xorijiy mutaxassislarni taklif etish muhimligi qayd etildi.

Avvalroq Toshkentdagi Chorsu maydoni rekonstruksiya qilinishi haqida xabar berilgandi. Germaniyaning Tchoban Voss Architekten kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan loyihaga ko‘ra, jarayonda Chorsu mehmonxonasi binosini demontaj qilish rejalashtirilgan.