“O‘zbekiston temir yo‘llari” Toshkent-Buxoro-Toshkent yo‘nalishida yangi harakat tarkibini yo‘lga qo‘yadi. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
O‘zbekiston Konstitutsiyasining 33 yilligi munosabati bilan ishga tushirilishi rejalashtirilayotgan mazkur dizel poyezdi “Toshkent yo‘lovchi vagonlarini qurish va ta’mirlash zavodi” va “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” shartnomasi asosida qurilgan.
Uning tarkibi 12ta vagondan iborat bo‘lib, shundan 2tasi VIP, 4tasi biznes, 4tasi ekonom, 1tasi restoran hamda 1tasi dizel vagonlari hisoblanadi. Biznes-klass o‘rindiqlari yo‘nalish bo‘yicha o‘zgarishi qayd etilgan.
Hozirda poyezdni mazkur yo‘nalish bo‘yicha sinovdan o‘tkazish jarayonlari ketmoqda. Uning harakat vaqti 6 soatdan iborat va 592 km masofani bosib o‘tadi.
Sinov jarayonlari yakunlangach, dizel poyezdini yaqin kunlarda yo‘lovchilarga foydalanish uchun topshirish belgilangan.
“Vagonlar afzalliklari ularning qulayligidan tashqari, yozda sovutish tizimi boshqa vagonlardan farqli ravishda ular to‘xtab turganda ham ishlashda davom etadi”, deyiladi xabarda.
Joriy yilning sentabr oyida Shavkat Mirziyoyev Samarqand shahrida o‘tgan Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki Boshqaruvchilari kengashining 9-yillik yig‘ilishida Toshkentdan Buxorogacha tezyurar poyezdlar uchun yangi temir yo‘l qurish rejalashtirilayotganini ma’lum qilgandi.
Avvalroq “O‘zbekiston temir yo‘llari” boshqaruv raisi Zufar Narzullayev “Afrosiyob” elektropoyezdi biron yil daromad bilan ishlamaganini qayd etgandi.