15-noyabr kuni prezident tomonidan imzolangan qonun bilan Soliq kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi.

Hujjat bilan, mazkur o‘zgarishlar yuqori barqarorlik reytingiga ega bo‘lgan tadbirkorlar uchun rag‘batlantirish choralari joriy etilishini nazarda tutadi.

Endilikda yuqori reytingga ega kompaniya va tadbirkorlarga nisbatan soliqlar bo‘yicha (QQSdan tashqari) ortiqcha to‘langan summani qaytarish 3 kunlik muddatda amalga oshiriladi.

Bundan tashqari, reyting bo‘yicha “AAA” toifadagi biznes egalariga nisbatan soliq tekshiruvlari o‘tkazilmaydi. Biroq bundan jinoiy ishlar doirasida o‘tkaziladigan tekshiruvlar mustasno.

Shu bilan birga, mazkur toifadagi tadbirkorlarga QQS summasi o‘rnini qoplash tekshiruvlar o‘tkazilmasdan 1 kunlik muddatda amalga oshiriladi.

Barqarorlik reytingi

Shavkat Mirziyoyev 15-yanvar kuni mamlakatda tadbirkorlarning barqarorlik reytingini joriy qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. 23-yanvarga kelib esa mazkur reytingni joriy etish to‘g‘risidagi prezident qarori imzolandi.

Hukumatning 30-yanvardagi qarori bilan reytingni aniqlash to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Xususan, barqarorlik reytingini aniqlashda 23ta mezon, 9ta jarima va 4ta rag‘batlantirish qo‘llaniladi.

2024-yilning 1-aprelidan tadbirkorlarga subsidiya, imtiyoz va preferensiyalar ularning reyting darajasidan kelib chiqqan holda joriy etilishi belgilandi.

Qo‘llab-quvvatlash choralari ro‘yxatdan o‘tganiga 6 oy bo‘lmagan hamda prezident farmoniga muvofiq 4 va 5-toifadagi tumanlarda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarga ularning reyting darajasidan qat’i nazar amaldagi miqdorlarda taqdim etiladi.