O‘zbekistonda dollarning rasmiy kursi yana oshdi. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati xabar berdi.
Regulyator Amerika valyutasining rasmiy kursini 12 825,01 so‘m etib belgiladi. Kun davomida kurs 12 so‘m 71 tiyinga oshdi.
Avvalroq “Spot” dollarning rasmiy kursi oktabr oyida qanday o‘zgargani haqida yozgandi.
O‘zbek so‘mi ketma-ket uchinchi oy arzonlashmoqda. Oktabr oyida milliy valyuta 59 so‘m, yil boshidan beri esa 3,5% qadrsizlandi.
O‘tgan yilning 10-avgust kuni Amerika valyutasi birinchi marotaba 12 ming so‘m chegarasidan o‘tdi. Rasmiy kursning 400 so‘mga sakrashi 2018-yilda valyuta bozori liberallashganidan beri eng keskin ko‘tarilishdir.
Ekspertlarning fikricha, birinchi yarim yillikda so‘m real kursining mustahkamlanishi vaqtinchalik xarakterga ega bo‘ldi.
Yil oxirigacha tahlilchilar tashqi savdo taqchilligining o‘sishi va pul o‘tkazmalarining qisqarishi tufayli milliy valyutaning zaiflashuvi tezlashishini kutmoqda.
Bundan tashqari, birinchi yarim yillikda dollar kursining o‘tgan yilga nisbatan kamroq qimmatlashuvi dollarning ko‘proq kelib tushishi hamda eksport o‘sishi kabilar bilan bog‘liq.