Avvalroq Shavkat Mirziyoyev aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini energiya bilan uzluksiz ta’minlash masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazgani haqida xabar berilgandi.

Soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida yig‘ilishda gazni ishlab chiqarishdan tortib iste’molchigacha bo‘lgan zanjirning to‘liq hisobini yuritish va takomillashtirish hamda raqamlashtirish borasida soliq organlariga topshiriqlar berilganini qayd etdi.

Xususan, davlat rahbari mavjud ishlab chiqaruvchilar, tabiiy gazni transportirovka qilish va iste’molchilarga yetkazishda elektron hisoblagichlarni soliq organlariga to‘liq integratsiya qilishni topshirdi.

“Prezidentimiz integratsiya qilingan elektron hisoblagichlar bilan elektron hisobfakturalarni birga bog‘lab, hisob-kitoblarning avtomatik ravishda shaffof ko‘rinadigan tizimini yaratish bo‘yicha topshiriq berdilar. Biz ishlab chiqaruvchilar, „Uztransgaz“, „UzGasTrade“, „Hududgazta'minot“ korxonalari bilan birgalikda ishlayapmiz, integratsiyani boshladik. Deyarli 98%i elektron hisoblagichlar [ma'lumotlari] ko‘rinishni boshladi. To‘liq avtomatik hisob-kitob tizimini yaratamiz”, — dedi Mubin Mirzayev.

Bundan tashqari, Soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari realizatsiya bilan bog‘liq jarayonlarni avtomatlashtirish belgilanganini qayd etdi.

Bunda, elektron faktura bilan elektron hisoblagichlar orasida inson omili ishtirok etmaydigan tizim yaratish uchun Energetika, Iqtisodiyot va moliya vazirliklari hamda “Hududgazta'minot” kabi boshqa korxonalar bilan birgalikda ishlar amalga oshiriladi. “Qisqa muddatda ijrosini ta’minlaymiz”, deya xulosa qildi u.

“Hududgazta'minot” boshqaruvi raisi Ma’ruf Xo‘jayev hozirda gaz yetkazib berishda 300 mingta xonadon ikki bosqichli gaz tizimiga o‘tganini, bu esa o‘z vaqtida gaz bosimiga ta’sir berishini ta’kidladi. “Kompaniya tomonidan ko‘rilgan choralar orqali kuz-qish mavsumi muammosiz o‘tishiga harakat qilamiz”, dedi u.

“O‘zenergoinspeksiya” boshlig‘i Ilhom Ne’matullayev inspeksiyaga qo‘shimcha mablag‘ ajratib, laboratoriyaning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash topshirilganini qayd etdi. Bu elektr energiyasi va tabiiy gaz resurslarining texnologik yo‘qotishlarini instrumental yo‘l bilan aniqlashga qaratilgan.

“Bugungi taqdimotda berilgan asosiy vazifa bu yoqilg‘i energetik resurslaridan oqilona va samarali foydalanish hamda ularning noqonuniy foydalanishiga keskin choralar ko‘rishdan iborat bo‘ldi”, — dedi u.

Shuningdek, Bosh prokuror o‘rinbosari, iqtisodiy jinoyatlar bilan kurashish departamenti rahbari Shamsiddin Sohibnazarov yig‘ilishda gaz quvurlaridan o‘tuvchi har bir gaz bo‘yicha nazorat tartibini o‘rnatish va talon-toroj masalasini bartaraf etish bo‘yicha vazifalar belgilab berilganini qayd etdi.

Bu bo‘yicha uchta yo‘nalish bo‘yicha ishlar belgilangan bo‘lib, birinchi yo‘nalish bo‘yicha, mazkur sohada komplayns va ichki audit tizimi to‘liq tahlil qilinib, uni korrupsiyadan holi qilish bo‘yicha takliflar ishlab chiqiladi.

Ikkinchi yo‘nalishda bu tizimdagi korxonalarda xarajatlarni kamaytirish choralarini ko‘rish, ularning xarajatlarini kamaytirish hisobiga daromadlarini oshirish masalasi qo‘yildi. Uchinchi yo‘nalishda esa har bir gazni nazorat qilish tartibini o‘rnatish va hisoblagichlarni nazoratga olish belgilandi.

Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov noyabr oyida sovuq tufayli gaz va elektr energiyasi iste’moli keskin oshganini, havo harorati minus 20 darajagacha pasaygan holatlar uchun harakat rejasi ishlab chiqilganini ma’lum qilgandi.