Mehnat migrantlariga Novosibirsk viloyatidagi bog‘chalarda ishlash taqiqlandi. Bu haqda “TACC” nashri xabar berdi.

Avvalroq taqiq taksi va chakana savdo sohalariga ham taalluqli edi, gubernator Andrey Travnikovning tegishli qarori viloyat hukumati saytida e’lon qilingandi.

“2025-yilgacha xo‘jalik yurituvchi subyektlarda patentlar asosida mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi chet el fuqarolarini quyidagi iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha jalb etish taqiqlansin: ichimliklar bilan chakana savdo qilish, ixtisoslashtirilgan do‘konlarda tamaki mahsulotlari bilan chakana savdo qilish, yengil taksi va haydovchi bilan ijaraga olingan yengil avtomobillar faoliyati, maktabgacha ta’lim,” — deyiladi hujjatda.

Qarorga ko‘ra, tadbirkorlar hujjat kuchga kirgan kundan boshlab ikki oy ichida foydalanayotgan chet ellik xodimlar sonini ushbu qarorga muvofiqlashtirishi lozim.

Aprel oyida hudud hokimiyati 2024-yil uchun taksilarda, ichimliklar va tamaki mahsulotlari chakana savdo obyektlarida chet elliklarning ishlashini taqiqlagan edi.

Yangi hujjat cheklovni 2025-yilga uzaytiradi, shuningdek, xorijliklarni maktabgacha ta’lim muassasalarida ishlashga jalb qilishni taqiqlaydi.

Avvalroq Saratov viloyati gubernatori Roman Busargin 2025-yil 1-yanvardan xorijiy mehnat migrantlarini kuryerlik xizmatiga jalb qilish taqiq qo‘ygani haqida xabar berilgandi.

Shuningdek, ular uchun jamoat transporti, taksi va umumiy ovqatlanish sohasida ishlash bo‘yicha amaldagi cheklov uzaytiriladi.

Busargin 2024-yil 1-maydan 31-dekabrga qadar jamoat transporti, taksi va umumiy ovqatlanish sohasida xorijiy mehnat migrantlarining ishlashini taqiqlagan edi.


Avvalroq “Spot” Rossiyaning Irkutsk va Omsk viloyatida migrantlarga iqtisodiyot tarmoqlarida ishlash taqiqlanishi haqida yozgandi.

Unga ko‘ra, 2025-yildan boshlab ular yo‘lovchi tashish, savdo, ta’lim, sog‘liqni saqlash kabi sohalarda ishlay olishmaydi.

Qayd etilishicha, taqiq chet ellik ishchilar sonini tartibga solish va mahalliy fuqarolarni ish bilan ta’minlash sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan.