Piskent avtopoligonida elektron navbat tizimi joriy etildi. Bu haqda “O‘zbekiston ilmiy sinov va sifat nazorati markazi” (UzTest) matbuot xizmati xabar bermoqda.

Endi M1 toifadagi yengil avtotransport vositalarining muvofiqligini baholashga navbatni onlayn olish mumkin bo‘ladi.

Buning uchun birinchi navbatda Bojxona qo‘mitasining “Yagona darcha” axborot tizimi (singlewindow.uz) orqali sertifikatlashtirish organiga elektron ariza yuborish kerak.

Shu bilan birga, sertifikatlashtirish organining mas’ul xodimi tomonidan mahsulotni tanlab olish bayonnomasi elektron tizimda rasmiylashtirilgan bo‘lishi zarur.

Undan keyin elektron navbat olish uchun Yagona portal (my.gov.uz) yoki uning mobil ilovasi orqali ro‘yxatdan o‘tib, xizmatdan foydalanish mumkin.

Bunda portalning qidiruv tizimiga “Transport vositalarining muvofiqligini baholashga navbat olish” kalit so‘zlarini kiritib, kerakli xizmat tanlanadi.

Unga kirgach, “Xizmatdan foydalanish” tugmasi orqali avtotransport vositasi, tashrif sanasi va vaqti belgilanadi hamda maxsus QR-kod olinadi.

Laboratoriyaga belgilangan vaqtdan avvalroq borib, tayyorgarlik ko‘rib turilishi kerak. Maxsus QR-kodni ko‘rsatish orqali kirish uchun elektron tizimdan talon olinadi. Shu bilan birga, chaqiriq bo‘yicha laboratoriyaga kiriladi.

Mazkur xizmatdan foydalanish bepul bo‘lib, buning uchun hech qanday hujjat talab etilmaydi.

Elektron navbat orqali murojaatchilarning vaqti tejalishi bilan birga, tamagirlik va korrupsion holatlarning oldi olinishi mumkinligi qayd etilgan. Shuningdek, tegishli sinovlarni 20−30 daqiqada amalga oshirish mumkin.

Noyabr oyidan O‘zbekistonga olib kelinadigan avtomobillarni texnik sinovdan o‘tkazish tartibi o‘zgarib, ular bojxona hududida emas, Piskentdagi poligonda sinovdan o‘tkazila boshlandi.

Bu jarayon ko‘proq vaqt talab etgani bois yangi tartib uzun navbatlarning paydo bo‘lishiga olib keldi. “UzTest” esa buni mavsumiylik va import hajmining oshishi bilan izohladi.