“Google” pochtani spamdan himoya qiluvchi yangi funksiyasini ishga tushirmoqda. Bu haqda “hi-tech.mail” nashri xabar berdi.
Kompaniya Android uchun noyob bir martalik elektron pochta manzillarini yaratish imkonini beruvchi “Shielded Email” deb nomlangan funksiya ustida ishlamoqda. Ulardan ilovalar va saytlarda asosiy pochta qutisini ochmasdan ro‘yxatdan o‘tish uchun foydalanish mumkin.
Funksiyaning ishlash mexanizmi ancha sodda bo‘lib, “Shielded Email” xizmatidan foydalanganda muayyan ilova yoki sayt uchun unikal manzil yaratiladi.
Unga yuborilgan barcha xatlar avtomatik ravishda asosiy pochta qutisiga jo‘natiladi. Agar manzil nomaqbul xat-xabarlarni qabul qila boshlasa, foydalanuvchi istalgan vaqtda bunday sinxronizatsiyani amalga oshirishi mumkin.
Bunday yondashuv nafaqat spamga qarshi kurashishga, balki onlayn faoliyatni kuzatish xavfini minimallashtirishga yordam beradi.
“Shielded Email” ma’lumotlar sizib chiqish ehtimolini kamaytiradi, chunki haqiqiy manzil tashqi xizmatlardan yashirin qoladi.
Mutaxassislarning fikricha, “Shielded Email” spamga qarshi kurashda muhim vositaga aylanadi. Har safar ilova yoki sayt pochtani ko‘rsatishni talab qilsa, foydalanuvchilar shaxsiy ma’lumotlarning xavfsizligi haqida qayg‘urmasdan vaqtinchalik manzil yaratishlari mumkin bo‘ladi.
Agar “Google” “Shielded Email"ni “Gmail” va “Chrome"ga qo‘shimcha ravishda birlashtirsa, bu funksiyani yanada qulay va talabgir qiladi.
Bunday qadamlar kompaniyaga ma’lumotlarni himoya qilish sohasida, ayniqsa, internetdagi tahdidlarning kuchayishi fonida o‘z mavqeini mustahkamlashga imkon beradi.
Avvalroq “Spot” “Google” “Messages"da yuboriladigan rasmlar sifatini tanlash funksiyasi qo‘shilishi haqida yozgandi.
Ayni paytda funksiyani ilovaning beta-versiyasida sinab ko‘rish mumkin bo‘lib, barcha foydalanuvchilar uchun qachon taqdim qilinishi ma’lum qilinmagan.