Toshkent shahrida elektr hisoblagichga tashqi ta’sir ko‘rsatib 7,5 mlrd so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holati aniqlandi. Bu haqda “O‘zenergoinspeksiya” matbuot xizmati xabar berdi.

Energetika xavfsizligi oyligi doirasida “O‘zenergoinspeksiya” Toshkent shahar hududiy boshqarmasi tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilgan.

Unda Yashnobod tumanida joylashgan “K.I.” MChJ mas’ullari elektr hisoblagichga tashqi ta’sir ko‘rsatib, elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganligi aniqlandi.

Ushbu qoidabuzarlik natijasida dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra elektr ta’minoti korxonasiga 7 mlrd 528 mln so‘mlik zarar yetkazganligi ma’lum bo‘ldi.

Mazkur holat yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi.


Avvalroq “Spot” Urganchda 2 mlrd so‘mdan ortiq tabiiy gaz talon-toroj qilingani haqida yozgandi.

Xususan, novvoyxona hisoblagichdan tashqari yashirin yo‘l bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri tabiiy gaz tarmog‘iga ulanib olgani aniqlangan.