2025-yilda AQShda o‘tkaziladigan “TechWomen” dasturiga arizalar qabul qilinmoqda.

Unda belgilangan mamlakatlardan STEM (fan, texnologiya, muhandislik va matematika) sohasida kamida ikki yillik tajribaga ega nomzodlar ishtirok etishlari mumkin. O‘zbekiston bu mamlakatlar qatoriga kiradi.

Bundan tashqari, talabgorlar kamida bakalavr yoki unga tenglashtirilgan darajaga, AQShning J-1 vizasini olish huquqiga ega bo‘lishi, ingliz tilini yozma va og‘zaki bilishi kerak.

Shu bilan birga, oxirgi 5 yil ichida AQShga immigratsion vizaga murojaat qilmagan bo‘lish, AQSh fuqaroligi yoki qonuniy doimiy rezident bo‘lmasligi ham talab qilinadi.

Turli xil ma’lumot va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan ayollar, jumladan, imkoniyati cheklanganlar ham dasturga ariza berishlari mumkin.

Arizalar soha yetakchilari va hududiy ekspertlardan iborat mustaqil tanlov komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqiladi. Yarim finalchilar esa AQSh elchixonasi tomonidan suhbatdan o‘tkazilishi mumkin.

Har bir ishtirokchidan o‘z mutaxassisligi va qiziqishiga qarab quyidagi yo‘nalishlardan birini tanlash tavsiya etiladi:

  • biotexnologiya va salomatlik;
  • “yashil” texnologiyalar va barqarorlik;
  • IT va kommunikatsiya;
  • fan va muhandislik.

2025-yilgi dastur uchun Afrika, Markaziy va Janubiy Osiyo, Yaqin Sharq va Yevropa davlatlaridan STEM sohasidagi jami 108 nafargacha ayollar tanlab olinadi.

Yarim finalchilar kelasi yilning aprel oyida hamda tanlov natijalari may oyida ma’lum qilinadi. 2025-yilgi to‘rt haftalik dastur sentabr va oktabr oylarida San-Fransiskodagi Silikon vodiysida olib boriladi hamda Chikagodagi mezbon kompaniyalarda seminarlar va loyihalar ko‘rinishida davom etadi.

Qabul qilingan ishtirokchilarga AQShga borish va qaytish aviachiptalari, turar joy, ovqatlanish va boshqa xarajatlari qoplab beriladi.

Bundan tashqari, dastur davomida mahalliy transport va loyiha tadbirlarida ishtirok etishga ham mablag‘lar ajratiladi. Dasturga aloqador bo‘lmagan xarajatlar esa bundan mustasno.

Dasturda ishtirok etish uchun arizalarni kelasi yilning 7-yanvarigacha havola orqali jo‘natish mumkin. Batafsil ma’lumot bu yerda.

Foydali havolalar:

2024-yilgi dasturda O‘zbekiston jamoasi g‘olib bo‘lgandi. Jamoa ota-onalarning autizm spektri buzilishi to‘g‘risida xabardorligini oshirishga qaratilgan “Bolajonim” loyihasi bilan ishtirok etdi.


Avvalroq “Stipendium Hungaricum” dasturiga arizalar qabul qilinayotgani haqida xabar berilgandi. Unda o‘zbekistonliklar ham bakalavr, magistratura hamda PhD darajalari uchun ishtirok etishlari mumkin.