Urganch tumanida 2 mlrd so‘mdan ortiq tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holati aniqlandi. Bu haqda “O‘zenergoinspeksiya” matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, “O‘zenergoinspeksiya” Xorazm viloyat hududiy boshqarmasi tomonidan nazorat tadbiri o‘tkazilgan.
Unda Urganch tumanida faoliyat yuritayotgan “E.K.” MChJga qarashli novvoyxonada hisoblagichdan tashqari yashirin yo‘l bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri tarmoqqa ulanib, tabiiy gazdan noqonuniy foydalanganligi aniqlandi.
Ushbu qoidabuzarlik natijasida dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra gaz ta’minoti korxonasiga 2 mlrd 92 mln so‘mlik zarar yetkazilganligi ma’lum bo‘ldi.
Mazkur holat yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi.
Avvalroq “Spot” Farg‘onada 2,6 mlrd so‘mlik tabiiy gaz talon-toroj qilingani haqida yozgandi.
Xususan, ohak ishlab chiqarish sexi tabiiy gaz tarmog‘iga to‘g‘ridan to‘g‘ri ulanib olgani aniqlangan.