18-noyabr kuni Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis Qonunchilik palatasining saylovdan keyingi birinchi majlisida qonunchilikni JST bitimlariga uyg‘unlashtirish masalalari bo‘yicha parlament komissiyasini tuzishni taklif qildi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.

Mamlakatda aholi soni yiliga qariyb 1 mlnga oshmoqda, bu esa yangi uy-joylarga talabni oshirmoqda. Shunga qaramay, “dehqonchilik uchun zarur yerlar uy-joy qurishga berib yuboraverilsa, ertaga qayerga ekin ekamiz, oziq-ovqat xavfsizligi nima bo‘ladi”, degan savollar dolzarb ekanligi qayd etildi.

Shundan kelib chiqib, aholi va keng jamoatchilikning fikrini o‘rganib, eskirgan uylar o‘rnida yangi ko‘p qavatli uy-joylar qurish uchun “Renovatsiya to‘g‘risida"gi qonunni qabul qilish kerakligi ta’kidlandi.

Uy-joy qurib berishni va’da qilgan quruvchi va unga ishonib sarmoya kiritgan aholi o‘rtasida nizolarning oldini olish uchun fuqarolarning uy-joy qurilishiga jalb etilgan mablag‘larini kafolatli himoya qilishga qaratilgan qonunni qabul qilish lozimligi qayd etildi.

Prezident tibbiy xizmatlar sifatini oshirish, ajratilayotgan mablag‘lar o‘z egasiga yetib borishini ta’minlash uchun majburiy tibbiy sug‘urta tizimini qonun bilan mustahkamlab qo‘yish vaqti kelganini ta’kidladi.

Moliyaviy texnologiyalar, raqamli “marketpleys"lar, “veb-servis”, “bond omborlari” kabi yangi tijorat maydonlari kundalik hayotga faol kirib borayotganidan kelib chiqib, franchayzing, kapital bozori, “startap"lar sohasidagi munosabatlarning qonuniy asoslarini yaratish zarurligi qayd etildi.

“Sun'iy intellektni qo‘llash orqali yuzaga keladigan munosabatlarni tartibga solishning huquqiy asoslarini yaratish masalasiga alohida e’tibor qaratish juda muhim”, — dedi prezident.

Kelgusi yilda birinchi marta elektr energiyasining onlayn ulgurji bozori ishga tushiriladi. Bu sohada bozor mexanizmlarini joriy qilishning huquqiy asoslarini yaratishni tezlashtirish zarurligi ta’kidlandi.

Hozirda birinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchilarning xarajatlari ustidan parlament nazorati deyarli sezilmayotgani, yangi saylangan deputatlar bu masalaga alohida yondashishlari zarurligi qayd etildi.

Davlat rahbari xalqaro parlamentlararo aloqalarni rivojlantirish uchun quyi palatada qonunchilikni Jahon savdo tashkiloti bitimlariga uyg‘unlashtirish, iqlim o‘zgarishi oqibatlarini kamaytirish va “yashil” iqtisodiyotga o‘tishni tezlashtirish masalalari bo‘yicha parlament komissiyalari tashkil etishni taklif qildi.

Prezident yangi parlament komissiyasi tashabbusni qo‘lga olib, qonunlarni JST qoidalariga to‘liq moslashtirishni kelgusi yilda yakuniga yetkazishiga ishonch bildirdi.

Avvalroq prezidentning JST bo‘yicha maxsus vakili Azizbek Urunov O‘zbekiston Rossiya, Xitoy va YI bilan JSTga a’zo bo‘lish bo‘yicha muzokaralar olib borayotganini ma’lum qilgandi.