Osiyo taraqqiyot banki (OTB) O‘zbekiston $250 mln miqdorida qarz ajratishni ma’qulladi. Bu haqda bank saytida ma’lum qilindi.
Mablag‘ hukumatining iqlim o‘zgarishiga moslashish uchun institutsional asoslarni mustahkamlash va iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish bo‘yicha chora-tadbirlarni jadallashtirish sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida ishlatiladi.
Iqlimga o‘tish jarayonini tezlashtirish dasturi O‘zbekiston hukumatini islohotning uchta yo‘nalishida qo‘llab-quvvatlaydi:
- muassasalarni va davlat moliya boshqaruvini mustahkamlash;
- suv va yer resurslari boshqarishda, qishloq xo‘jaligi va ijtimoiy himoya tizimlarida iqlimga chidamlilikni oshirish;
- transport va energetika kabi tarmoqlarda kam uglerodli iqtisodiyotga o‘tishni tezlashtirish.
Avvalroq Osiyo taraqqiyot banki O‘zbekistonda inklyuziv moliya sektorini rivojlantirish dasturini tasdiqlagandi.
Tashabbus bank xizmatlari bilan yetarlicha qamrab olinmagan mikrofirmalar uchun moliyalashtirish imkoniyatini kengaytirish maqsadida amalga oshirilmoqda.
Dastur doirasida O‘zbekiston OTBdan $300 mln miqdorida kredit oladi, bu barqaror va inklyuziv o‘sishni ta’minlashga qaratilgan tuzilmaviy islohotlarga ko‘maklashadi.
“Inklyuziv va barqaror mikromoliyalash sektori mikro va kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash uchun juda muhim, bu iqtisodiy o‘sish va O‘zbekistonda ish o‘rinlarini yaratish uchun harakatlantiruvchi kuchdir”, — dedi OTBning Markaziy va G‘arbiy Osiyo bo‘yicha Bosh direktori Yevgeniy Jukov.
Avvalroq “Spot” YTTB O‘zbekistonning yashil iqtisodiyotga o‘tishiga $200 mln ajratmoqchi ekanligi haqida yozgandi.
Shu bilan birga, bank mamlakatga adolatli energiyaga o‘tish uchun $400 ming yo‘naltiradi.