Shavkat Mirziyoyev 18-noyabr kuni Andijon viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, investitsiya va tadbirkorlik muhitini yanada yaxshilash chora-tadbirlari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.
Viloyat tumanlarida olib borilgan o‘rganishlar davomida bir qator takliflar aniqlangan. Masalan, Oltinko‘l va Jalaquduqdagi 600 gektarda xitoylik investorlar tomchilab sug‘orish orqali qalampir yetishtirib, qayta ishlash loyihasini boshlagan. Bu orqali gektaridan $15 minglik mahsulot eksport qilish hisob-kitob qilingan.
Paxtaobodda BAA kompaniyasi bilan hamkorlikda 470 gektarda gilos va rezavor mevalar yetishtirish yo‘lga qo‘yilgan. Tadbirkor investitsiya majburiyatini o‘z vaqtida bajarayotgani uchun davlatdan infratuzilma qilib berishni so‘ragan. Viloyatdagi 4ta parrandachilik korxonasi faoliyatini tiklab, ehtiyojmand oilalardagi 650 nafar odamni ishga olish imkoniyati aniqlangan.
Asakadagi “ADM Electrics” korxonasi avtomobillar uchun 28 turdagi sim o‘tkazgich va multimedia tizimlarini ishlab chiqaradi. “Onix”, “Tracker”, “Kia Sonet” kabi modellarda mahalliylashtirish kengaytirilsa, korxonaning quvvati va daromadi oshishi qayd etildi.
Andijon viloyati hokimi shu kabi imkoniyatlarni ishga solish bo‘yicha qaror loyihasini taqdimot qildi. Unda 2025-yilda viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichlar nazarda tutilgan.
Jumladan, $3,1 mlrd miqdorida investitsiya o‘zlashtirish, 334ta loyihasini amalga oshirish, 305 ming nafar aholi bandligini ta’minlash hamda $1 mlrd miqdorida eksport qilish vazifasi belgilangan.
Shuningdek, viloyatda aholi zichligi inobatga olinib, yer masalasida imkoniyatlar yaratiladi. Qishloq xo‘jaligida foydalanilmayotgan maydonlar, jumladan, qir-adirlardan jami 1 800 gektar yerning toifasi o‘zgartiriladi. U yerlarda ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish majmualari, uy-joylar barpo etiladi.
Davlat rahbari takliflarni ma’qullab, yangi imkoniyatlardan samarali foydalanish, loyihalarni yangi infratuzilma bilan ta’minlash, aholining bandligini va daromadlarini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha ko‘rsatmalar berdi.
Avvalroq Andijonda “FAW” yuk avtomobillarini ishlab chiqarish zavodi qurilishi ma’lum qilingandi. Noyabr oyidan Xitoyning “Faw Trucks” kompaniyasi qiymati $100 mlnlik loyiha qurilishini boshlashni rejalashtirgandi.