15-noyabr kuni o‘quvchi-yoshlarni chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorlash tizimini yaxshilashga qaratilgan prezident qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan, 2025/2026 o‘quv yilidan umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarida chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fani rolini oshirish va uning rahbarlari faoliyatini muvofiqlashtirish yuzasidan yangi tizim joriy etiladi.

Tizim orqali yangilangan CHQBT fanining o‘quv dasturi va darsliklari yaratilib, bu fan haftasiga ikki soatdan o‘qitiladi. 2025-yilning 1-iyunidan maktablarda CHQBT rahbari lavozimi joriy etiladi.

O‘quvchilar o‘rtasida kibersport, dron va robototexnika, kelajak o‘yinlari bo‘yicha alohida tanlovlar hamda harbiy-sport musobaqalari o‘tkaziladi.

Shuningdek, ziyolilar va nuroniylar ishtirokida “uch avlod uchrashuvlari” tashkil etiladi, harbiy xizmatchilar tomonidan motivatsion suhbatlar va mahorat darslari olib boriladi.

Har bir tuman (shahar)da bitta umumiy o‘rta ta’lim maktabi negizida “Jasorat maktabi” tashkil etilib, ularda matematika, CHQBT, tarix, jismoniy tarbiya, chet tili, fizika fanlari chuqur o‘qitiladi.

Bunda, o‘qish uchun o‘quvchilarni saralash 5-sinfdan boshlab amalga oshiriladi. Robototexnika, kelajak o‘yinlari, tibbiy tayyorgarlik, huquqiy savodxonlik, milliy sport o‘yinlari kabi to‘garak mashg‘ulotlari o‘tkaziladi.

2026/2027 o‘quv yilidan “Jasorat maktabi"ni a’lo bahoga tamomlagan har bir “Vatan tayanchi” otryadining a’zosi bo‘lgan bir nafar o‘quvchiga imtiyozli tavsiyanoma beriladi.

Bu tavsiyanoma ularning oliy harbiy va harbiylashtirilgan hamda yuridik ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishi uchun amal qiladi.

Avvalroq Navoiy davlat pedagogika instituti negizida Navoiy davlat universiteti tashkil etilgani haqida xabar berilgandi. Universitetda IT, sun’iy intellekt, biznes va turizm, investitsiyalarni boshqarish hamda logistika kabi yo‘nalishlar bo‘yicha kadrlar tayyorlanadi.