Qashqadaryo, Namangan va Surxondaryo viloyatlarida elektr tarmoqlariga noqonuniy ulanish holatlari fosh etilmoqda. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament matbuot xizmati xabar berdi.

Departamentning Qashqadaryo viloyati Muborak va Koson tumani bo‘limlari tomonidan tergovga qadar tekshiruvlar o‘tkazilgan.

Ushbu tumanlarda faoliyat yurituvchi “O.”, “Yo.K.” hamda “O.B.” fermer xo‘jaliklari mas’ul shaxslari tijorat maqsadida elektr suv nasoslarini umumiy foydalanishdagi tarmoqqa o‘zboshimchalik bilan ulanib olgani aniqlandi.

Buning natijasida jami 413,1 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilgan.

Shu kabi, Departamentning Namangan viloyati boshqarmasi tomonidan ham tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan.

Unda aniqlanishicha, “S.S.” xususi korxonasi rahbari B.M. elektr tarmoqlari korxonasi bilan shartnoma tuzmasdan, umumiy foydalanishdagi elektr tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulanib olgan.

Buning natijasida esa jami 148,1 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganligi aniqlangan.

Shuningdek, Departamentning Termiz shahri bo‘limi tomonidan ham tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan.

Unda YATT J.M. tijorat maqsadida umumiy foydalanish elektr tarmog‘iga ulanib, 110,6 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganligi aniqlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.


Avvalroq “Spot” Qoraqalpog‘istonda 1,5 mlrd so‘mlik elektr energiyasi talon-toroj qilingani haqida yozgandi.

Xususan, To‘rtko‘l tumanidagi oshxona elektr tarmog‘iga noqonuniy ravishda ulanib olgani aniqlangan.