“Instagram” tasmalardagi kontent tavsiyalari sozlamalarini olib tashlash imkonini beruvchi funksiyani sinovdan o‘tkazishni boshladi.

Algoritmlar kontent va akkauntlar bilan o‘zaro munosabatlarning oldingi tajribasini hisobga olishni to‘xtatadi va qayta o‘rganishni boshlaydi, ma’lum vaqt o‘tgach, kontent yana shaxsiylashtiriladi.

Sozlamalar bekor qilinsa, foydalanuvchilar o‘z obunalarini ko‘rishlari va endi qiziqarli bo‘lmagan akkauntlardan voz kechishlari mumkin.

Kompaniya testlar qaysi mamlakatlarda o‘tkazilishini ochiqlamadi, lekin o‘z blogida bu funksiya barcha bozorlarda “tez orada” paydo bo‘lishini qo‘shimcha qildi.

instagram, rekomendatsiya, algoritm

“Instagram” rahbari Adam Mosseri yangi funksiya tez-tez foydalanish uchun emas faqat to‘liq yangilash kerak bo‘lgan holatlar uchun mo‘ljallanganini ta’kidladi.

“Bu dastlab sizning Instagram profilingizni kamroq qiziqarli qilib qo‘yadi, chunki biz sizga xuddi qiziqishlaringiz haqida hech narsa bilmagandek munosabatda bo‘lamiz va ularni qaytadan o‘rganish uchun vaqt kerak bo‘ladi. Shuning uchun buni doimo qilishni tavsiya etmayman — ammo agar siz o‘z tajribangiz tufayli o‘zingizni noqulay his qiladigan vaziyatga tushib qolsangiz, bu sizga chiqish yo‘lini beradi”, — dedi Mosseri.

Yangi funksiya “Instagram"ning foydalanuvchilarga o‘z tavsiyalarini boshqarishga imkon beruvchi mavjud vositalariga qo‘shilmoqda.

Foydalanuvchilar postlarda “Qiziqarli” yoki “Qiziqarli emas"ni tanlash orqali kontentga bo‘lgan munosabatlarini va uni ko‘proq yoki kamroq ko‘rishni xohlashlarini belgilashlari mumkin.

Shuningdek, ular ijtimoiy tarmoqning “Yashirin so‘zlar” funksiyasidan foydalanib, ma’lum so‘z yoki iboralar mavjud bo‘lgan kontentni yashirishlari mumkin.


Avvalroq “Spot” “Instagram” o‘smirlarning yoshini aniqlashda sun’iy intellektdan foydalanishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.

Qayd etilishicha, keyingi yil boshida Meta 18 yoshdan kichik foydalanuvchilarni aniqlay oladigan kattalar klassifikatori vositasidan foydalanadi.