“Google” o‘zining “Play Protect” xizmatiga “Live Threat Detection” yangi funksiyasini qo‘shdi, deya xabar bermoqda “Kommersant” nashri.

Qayd etilishicha, yangi funksiya yordamida Android qurilmalarida real vaqt rejimida potentsial xavfli ilovalarni aniqlash mumkin.

Yangi funksiyadan hozircha “Pixel 6” smartfonlari va seriyadagi yangi modellar egalari foydalanishlari mumkin, keyinchalik u boshqa Android qurilmalarida ham paydo bo‘ladi.

“Google"ning ta’kidlashicha, “Live Threat Detection” yordamida hatto “o‘z xatti-harakatlarini yashirishga harakat qiladigan yoki keyinchalik zararli faoliyatni boshlash uchun bir muncha vaqt harakatsiz qoladigan” topish qiyin bo‘lgan zararli ilovalarni ham aniqlash mumkin.

Funksiya ilovani yuklash paytida zararli kodni skanerlashga emas, balki dastur smartfonga o‘rnatilgandan keyin sun’iy intellekt yordamida shubhali xatti-harakatlarni kuzatishga asoslangan.

“Live Threat Detection” asosan foydalanuvchining ruxsatisiz shaxsiy ma’lumotlarni to‘playdigan ilovalardan himoya qiladi, ammo kelajakda boshqa turdagi zararli dasturlarni ham aniqlaydi.


Avvalroq “Spot” Android smartfonlariga o‘g‘irlik aniqlanganda qulflash funksiyasi qo‘shilgani haqida yozgandi.

Smartfon foydalanuvchi qo‘lidan tortib olinganini va o‘g‘ri qochib ketganini tushunadi. Ekran bloklanadi, uni qulfdan chiqarish uchun PIN-kod va Google hisobi paroli talab qilinadi.