Joriy yilda dorixonalar tomonidan 107 mingdan ortiq holatda iste’molchilardan ortiqcha mablag‘ olingani aniqlandi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasining matbuot xizmati xabar berdi.
Qo‘mitaning “Fair tech” axborot tizimiga kelib tushgan xabarlar o‘rganilganda jami 878ta (295ta ulgurji va 583ta chakana) dorixona 107 773 holatda qoidabuzarlikka yo‘l qo‘ygani ma’lum bo‘ldi. Natijada ortiqcha olingan 7 mlrd so‘m pul mablag‘lari iste’molchilarga qaytarib berildi.
Xususan, 405ta dorixona dori vositalariga belgilangan narxlarni oshirib qo‘llab, 58 318ta holatda jami 2 mlrd so‘mga yaqin pulni asossiz olgan. Mablag‘lar iste’molchilar foydasiga qayta hisob-kitob qilindi va ularning nomuayyan doirasining huquqlari tiklandi.
Bundan tashqari, dori vositalarining narxlari oshirilishi yuzasidan to‘g‘ridan to‘g‘ri fuqarolardan 800dan ortiq murojaatlar kelib tushgan. Ular asosida 100 mln so‘mga yaqin mablag‘lar iste’molchilarga qaytarildi.
Avgust oyi oxirida 500ga yaqin dorixona dori vositalarini oshirib sotgani aniqlangandi. Natijada ular tomonidan 5,4 mlrd so‘mga yaqin asossiz daromad olingan. Shundan asosiy qismi poytaxtga to‘g‘ri keladi.
Avvalroq dori-darmon aylanmasi bo‘yicha postmarketing nazorati yo‘lga qo‘yilishi haqida xabar berilgandi. Bunda har oyda dori vositalari va tibbiyot buyumlarinining nazorat xaridlari amalga oshiriladi.