Samarqand viloyatida energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish holatlari fosh etilmoqda. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament matbuot xizmati xabar berdi.

Departamentning Urgut va Samarqand tumani bo‘limlari tomonidan tergovga qadar tekshiruvlar o‘tkazilgan.

Ushbu tumanlarda faoliyat yurituvchi YATT X.E. va S.M.lar tijorat maqsadida savdo do‘koni hamda novvoyxonasida o‘zboshimchalik bilan umumiy foydalanishdagi elektr tarmog‘iga ulanib olgani aniqlangan.

Buning natijasida jami 230 mln so‘mlik elektr energiyadan noqonuniy foydalanilgan.

Departamentning Jomboy tumani bo‘limi tomonidan “Hududgaz Samarqand” GTF xodimlari bilan hamkorlikda tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan.

Unda aniqlanishicha, tumandagi “S.Z.” oilaviy korxonasi rahbari Z.S. umumiy ovqatlanish shoxobchasida tijorat maqsadida umumiy foydalanishdagi gaz tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulanib olgan.

Buning natijasida jami 191,2 mln so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanilgan.

Shu kabi, Departamentning Oqdaryo tumani bo‘limi tomonidan ham tezkor tadbir o‘tkazilgan.

Tadbirda “T-Z.” fermer xo‘jaligi rahbari M.Sh. elektr tarmog‘iga to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘zboshimchalik bilan ulanib, 192,8 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganligi aniqlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.


Avvalroq “Spot” uchta hududda qariyb 672 mln so‘mlik elektr energiyasi talon-toroj qilingani haqida yozgandi.

Xususan, Qashqadaryo, Namangan va Surxondaryo viloyatlarida fuqarolar elektr tarmog‘iga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulanib olganliklari aniqlangan.