Sitora Maxsudinova 1999-yil Toshkent shahrida tug‘ilgan. Maktab paytidanoq tillarni o‘rganishga bo‘lgan qiziqishi uni Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti qoshidagi akademik litseyi tomon yetaklagan.

Keyinchalik, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining Xalqaro huquq yo‘nalishida o‘qishni davom ettirgan. Oliy ta’limni tamomlaganidan so‘ng magistratura uchun Koreya davlatini tanlab, “GKS” grantini qo‘lga kiritgan. Hozirda Ajou universiteti Xalqaro rivojlanish va hamkorlik yo‘nalishining magistratura bosqichi 2-kursida ta’lim olmoqda.

“Spot” Sitora Maxsudinova bilan Koreyadagi hayot, ta’lim jarayoni va “GKS"granti — imkoniyatlari, nomzoddan talab etiladigan hujjatlar haqida suhbatlashdi.


Koreyadagi o‘zbek qizi

Sitora maktabni bitirgandan so‘ng, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti qoshidagi akademik litseyiga o‘qishga kirdi. Aynan mana shu dargohda unga ikki haftalik ta’tilni Koreya davlatida o‘tkazib, o‘rgangan tillarini qayta mustahkamlash imkoni berildi.

Ota-onasi Sitoraga vaziyatni qo‘ldan boy bermasligi kerakligini aytib, uni orzularidan biri bo‘lgan Koreya davlatiga o‘qishga yuborishadi. Shu tariqa o‘zbek qizi Koreya tomon yo‘l oldi. U yerning madaniyati, tili va davlatlar bilan munosabati Sitorini qiziqtirib qo‘ydi va tom ma’noda keyingi qadamlarini belgilab berdi.

Foto: Sitora Maxsudinovaning shaxsiy arxividan

Vaqt o‘tib, Maxsudinova litseyni bitirgandan so‘ng, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining Xalqaro huquq yo‘nalishiga o‘qishga kirdi. Maqsad aniq: xorijiy tillar va xalqaro huquqni mukammal o‘rganish. Universitetda unga yangi bir tilni o‘rganish imkoniyati taqdim etilgach, u koreys tilini tanlaydi.

COVID-19 pandemiyasi sabab universitetdagi darslar onlayn tartibda o‘tila boshladi. Bu unga ustozlardan jonli ma’ruzlarni tinglash-u, kursdoshlar bilan vaqt o‘tkazib talabalik davrini his qilishiga imkon bermasdi. Bundan tashqari, xorijda ta’lim olish orzusi Sitoraning hayollarini hanuzgacha tark etmagandi.

Oliy ta’limni tamomlaganidan so‘ng, talabalik gashtini yanada ko‘proq his qilish, xorijda ta’lim olish orzusini amalga oshirish ilinjida Maxsudinova magistratura bosqichidagi o‘qishini Koreyada davom ettirishga qaror qildi.

“Interyudan o‘ta olmagandim”

Universitetni tugatganimdan so‘ng magistratura uchun Koreya davlatiga hujjatlarni topshirish jarayoni boshlandi. Elchixona orqali 3ta universitetga hujjat topshirish mumkin bo‘lib, bu jarayon 3ta bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqichida, hujjatlar O‘zbekistondagi Koreya markazlariga borib topshiriladi, ikkinchi bosqichda esa masʼul xodimlar tomonidan hujjatlar ko‘rib chiqiladi. Eng oxirgi bosqichda esa suhbat, ya’ni intervyu jarayoni bo‘lib o‘tadi.

Interyu koreys tilida amalga oshiriladi. TOPIK bali yuqori bo‘lishi bu jarayonda sizga ko‘mak beradi. Agar magistartura bosqichi uchun hujjat to‘ldirgan bo‘lsangiz 3ta tanlagan universitetga bakalavr bosqichi bilan yo‘nalish mos kelishi lozim. Agar aksi bo‘ladigan bo‘lsa, buning sababini intervyu jarayonida ochiqlab, dalillar bilan oydinlashtirish lozim. Bu inetrvyudan ijobiy o‘tishga ko‘mak beradi.

O‘qishga topshirish jarayonim juda qiyin bo‘ldi, chunki elchixona orqali hujjat topshirgandim. Bir tomonda bu masala boshqa tomonda esa ota-onamga bu haqida hali aytmagandim. Ularning xorijda o‘qishimga qanday munosabat bildirishi menga ayon emasdi. Biroq har doim dadamga — men Koreyada o‘qiyman, deb aytib kelardim. Elchixonaga suhbatga bordim. Hammasi yaxshi ketayotgandi, biroq intervyudan so‘ng menga bu bosqichdan o‘ta olmaganimni ma’lum qilishdi, — deydi Sitora.

Suhbatdan o‘ta olmagandan so‘ng mag‘lubiyat tan olingandi. Biroq uch kun o‘tib, AJOU universitetining manzillarni olgan Sitoraning ko‘zi ularning pochta manzilidagi:""GKS" grantiga ariza topshirishga ulgurib qoling", — degan misralariga tushgan.

gks granti, koreya, magistratura

Foto: Sitora Maxsudinovaning shaxsiy arxividan

Bu dastur haqida u litsey paytlari eshitgan, biroq uch kun ichida universitetga hujjat topshirish, grant yutish imkonisizdek edi go‘yo. Universitetning grant dasturiga hujjatlar to‘ldirildi, uch kun ichida bu hujjatlar Koreyaga yetib boradimi yoki yo‘q bu ham katta so‘roq ostida edi. Oradan biroz vaqt o‘tib Sitoraga hujjatlari qabul qilingani va “GKS” grant dasturi uchun loyiq deb topilgani to‘g‘risida xabar keldi.

Grant uchun suhbat ingliz tilida amalga oshirilgan. Bu jarayonda bir narsaga e’tibor berish lozim, grant taqdim etuvchi tashkilotlar ko‘pincha grantni yutib, so‘ng tashlab ketadigan talablar mavjudligini inobatga olgan holda, shu mavzuga doir savollarni intervyu jarayonida talabgorga berib fikrlarini o‘rganishadi.

“GKS” grantiga hujjatlar topshirish va uning afzaliklari

GKS” (Global Korea Scholarship) granti — Koreya davlati tomonidan har yili xorijlik talabalarga taqdim etiladigan stipendiya dasturi. Ushbu grant Koreyada bakalavriat va magistratura bosqichlarida ta’lim olishni istagan talabalar uchun ajratiladi.

Grantning asosiy maqsadi — Koreya va boshqa davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash va dunyo bo‘ylab iqtidorli yoshlarga Koreyada yuqori sifatli ta’lim olish imkoniyatini yaratish hisoblanadi.

“GKS” talabalarga avia-chipta va oylik stipendiya, o‘qish to‘lovi va til kurslarini qoplab beradi. Bu yerda eng muhimi GPA 80 dan kam bo‘lmasligi va talabgorda TOPIK (3dan yuqori) yoki IELTS (% til darajasiga bog‘liq bo‘ladi) sertifikati bo‘lishi kerak. Shunday ekan, grantni yutmoqchi bo‘lgan talabada yuqori akademik ko‘rsatkich va xorijiy tilni bilish darajasi bo‘lishi kerak.

Grantga hujjatlarni ikki xil yo‘l bilan topshirish mumkin. Birinchi yo‘l Koreyaning o‘z mamlakatingizdagi elchixonasiga borib, ikkinchisi esa tanlagan universitetingiz orqali. Bunda universitetga “GKS” granti ajratilgan bo‘lishi lozim — buni tanlangan universitetning rasmiy sahifasi orqali aniqlash mumkin.

Foto: Sitora Maxsudinovaning shaxsiy arxividan

Har yili ma’lum nafar talabalar uchun ushbu stipendiya ajratiladi va ba’zi hollarda grant talablarida o‘zgarishlar bo‘lishi mumkin. Ushbu havola orqali buni kuzatib borish mumkin.

Grantini qo‘lga kiritgan Sitora ikkinchi marotaba Koreyaga qaytdi. Eng ko‘p oila sog‘inchi hisi qiynadi, — deydi intervyusi davomida.

Maslahat: nega aynan Koreya?

Sitora Maxsudinovaning fikricha, Koreya talabalarga ko‘p imkoniyatlarni taqdim qila oladi. Eng muhimi ayol-qizlar uchun xavfisiz davlat — nimadiringiz yo‘qolib qolsa, o‘zingizga albatta qaytib keladi. Sayohat va sifatli ta’lim yoshlarni bu davlatda o‘qib bilimlarini oshirishlariga turtki bo‘ladi, deydi u.

U Koreyada ta’lim olishni rejalashtirayotgan yoshlar birinchi navbatda madaniyatlar o‘rtasidagi farqlar, mablag‘ni to‘g‘ri taqsimlash va o‘zbeklar tanovul qilinadigan ovqatlar bilan koreyslar iste’mol qiladigan yeguliklar o‘rtasida tafovutlar borligini inobatga olishlari kerakligini aytdi.

Koreyaga O‘zbekistondan tillarni o‘rganib kelgan taqdiringizda ham qiyinchiliklarga duch kelishingiz mumkin. Bundan xavotirga tushmang, vaqt o‘tgani sari ko‘nikib borasiz. Ularning ijtimoiy hayotiga moslashishga harakat qiling. Do‘stlar orttirib, ko‘proq muloqot qiling. Eng muhimi o‘zingizga ishoning, deydi Sitora.