2024-yilda O‘zbekistonning davlat qarzi qariyb $40 mlrdga yetishi mumkin. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi taqdim etgan 2025-yilgi “Fuqarolar uchun budjet” loyihasida keltirilgan.

Yangilangan hisob-kitoblarga ko‘ra, davlat qarzi joriy yilda $39,7 mlrdni tashkil qilishi kutilmoqda. 2025-yilga kelib esa bu $45,1 mlrdni yoki YIMga nisbatan 36,7%ni tashkil etishi prognoz qilinmoqda.

davlat qarzi, iqtisodiyot, prognoz, budjet loyihasi, iqtisodiyot va moliya vazirligi

Davlat tashqi qarzi 2024-yil yakunida $33,9 mlrd (YIMga nisbatan 30,3%), keyingi yilda $39,4 mlrd (32,1%) bo‘lishi mumkin.

Shuningdek, 2024-yilda davlat tashqi qarzini jalb qilish hajmi $5 mlrd etib belgilangan bo‘lsa, 2025-yilda bu biroz oshirilib, $5,5 mlrdni tashkil etishi kutilmoqda.

Kelasi yilda mazkur mablag‘larning asosiy qismi — $3 mlrdi budjetni qo‘llab-quvvatlashga, qolgan $2,5 mlrdi esa investitsiya loyihalariga yo‘naltiriladi.

Bundan tashqari, 2025-yilda mamlakat nomidan chiqariladigan davlat qimmatli qog‘ozlarining sof hajmi 30 trln so‘m bo‘lishi belgilanmoqda. Bu joriy yil uchun 25 trln so‘mni tashkil etadi.

Joriy yilning 1-iyul holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning davlat qarzi $37 mlrddan oshdi. Davlat qarzining $30,9 mlrdi tashqi, $6,1 mlrdi esa ichki qarz hissasiga to‘g‘ri keladi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi taqdim etgan 2025−2027 yillarga mo‘ljallangan budjetnomada kelgusi uch yil ichida davlat qarzi 40%ga 2024-yildagi $39,7 mlrddan 2027-yilda $55,9 mlrdgacha oshishi prognoz qilingandi.

Avvalroq O‘zbekistonda DXSh majburiyatlari chegarasini $6,5 mlrd miqdorida belgilash taklif qilinayotgani haqida xabar berilgandi.