“TBC Uzbekistan” o‘zining protsessing markazini ishga tushirayotganini e’lon qildi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati “Spot"ga ma’lum qildi.
Raqamli bank ekotizimida o‘z protsessing tizimiga o‘tish yangi mahsulotlar va xizmatlarni joriy etishni tezlashtirishi hamda to‘lovlarni qayta ishlashning maksimal samaradorligini ta’minlashi ta’kidlandi.
“TBC Uzbekistan” shuningdek, raqobatbardoshlik ortib borayotganini qayd etadi, chunki bank chakana mijozlar hamda kichik va o‘rta biznes uchun mahsulotlar qatorini tezda kengaytirish va diversifikatsiyalash imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Protsessing markazi barcha “TBC” to‘lov operatsiyalarini, shu jumladan p2p-o‘tkazmalari, bank kartalari orqali to‘lovlar, QR-kodlardan foydalangan holda to‘lovlarni qayta ishlaydi. Infratuzilma “TBC"ga ma’lumotlar tahlili sohasida qo‘shimcha imkoniyatlar taqdim etadi va yangi mahsulotlarni, jumladan, ekvayring bo‘yicha kompleks yechimlarni ishlab chiqishda yordam beradi.
“Biz infratuzilmamizga sarmoya kiritishda davom etmoqdamiz va o‘z protsessing markazimizning ishga tushirilishi ulkan rejalarimizni amalga oshirish yo‘lidagi muhim bosqichdir. O‘z protsessingimiz O‘zbekistonning istiqbolli va tez o‘sib borayotgan bozorida innovatsion moliyaviy mahsulotlarni ishga tushirishni tezlashtirish va kengaytirish imkonini beradi”, — dedi “TBC Uzbekistan” bosh direktori Nika Kurdiani.
Yangi protsessing markazi bankka o‘zgarishlarga moslashuvchan munosabatda bo‘lishga, masalan, “Apple Pay”, “Google Pay”, “PayPal” xizmatlarini O‘zbekistonda paydo bo‘lishi bilan tezda ishga tushirish hamda boshqa yechimlarni tezkor bozorga olib chiqishga yordam beradi.
Oktabr oyida hukumat Turizm qo‘mitasi, Markaziy bank va Raqamli texnologiyalar vazirligiga “Alipay”, “Apple Pay”, “Google Pay”, “Paypal”, “UniPay” xalqaro to‘lov xizmatlarini O‘zbekiston to‘lov tizimlari va xizmatlariga ulash bo‘yicha muzokaralar olib borishni topshirgandi.